Ramazon oyida 1 ming 743 ta masjidda xatmi Qur’on tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan — Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Davlatimiz rahbarining shu yil 27-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ushbu fazilatli oyda “Ramazon — saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida ishlar tashkil qilinadi.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda mamlakatimizda 2 ming 145 ta masjid faoliyat yuritmoqda. O‘tgan davrda 64 tasida tubdan qayta qurish hamda 17 tasida ta’mirlash ishlari yakunlandi.
O‘zbekiston va Kavkaz musulmonlari idoralari, Qozog‘iston va Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmalari, Turkiyaning Diyonat boshqarmasi Fatvo hay’atlari mas’ullari hamda Turkiy davlatlar tashkiloti vakili ishtirokida onlayn yig‘ilishlar tashkil etildi.
Muloqotlarda 2025-yilda Ramazon oyining boshlanishi va Ramazon hayitining birinchi kunini aniqlash masalalari muhokama qilindi. Fatvo hay’atlari a’zolari o‘rtasida Ramazon oyining birinchi kuni 1-mart, shanba kuniga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha bir ovozdan yakdil xulosa qilindi.
— Fazilatli oy davomida ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish hamda hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etiladi, — deydi I. Ma’rupov. — Qolaversa, atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chatlar ekish hamda Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarda me’yorga amal qilish hamda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor qaratish kabi vazifalar diqqat-markazimizda bo‘ladi.
Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish, yurtimiz mo‘min-musulmonlariga har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish hamda imom-xatiblar mas’uliyatini yanada oshirish bo‘yicha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasining qo‘shma dasturi hamda Media reja ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun, joriy Ramazon oyida 1 ming 743 ta masjidda xatmi Qur’on tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Iqbol PARDAYEVA.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring