Ramazon fazilati va tinchlik qadri haqida samimiy muloqot boʻldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 14-mart kuni Sirdaryo viloyatiga yoʻl oldi.
Safar asnosida davlatimiz rahbari Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda diniy-maʼrifiy yoʻnalishlardagi ishlar, muborak Ramazon oyining fazilatlari haqida soʻz bordi.
Maʼlumki, 11-mart kuni butun islom ummati qatori yurtimiz musulmonlari ham bu qutlugʻ oyni xursandchilik bilan kutib oldilar. Roʻzadorlar mamlakatimizdagi tinchlik va farovonlik sharofatidan ibodatlarini emin-erkin ado etmoqda, buning uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytmoqda. Masjidlarda Qurʼoni karim xatm etilib, xalqimizga osoyishtalik, fayzu baraka tilab duolar qilinmoqda.
Muftiy bu ulugʻ ayyomda sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda boʻlishini, yurtdoshlarimiz buni his qilib, savob amallarni koʻp qilayotganini aytdi.
Prezidentimiz bu oyni yuksak darajada oʻtkazish, yurtimizdagi tinchlikni qadrlash va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi. Inson qadrini ulugʻlash maqsadiga muvofiq, xalqimiz manfaatlarini taʼminlash, muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlash davom ettirilishini aytdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqa va uy xoʻjaliklaridagi imkoniyatlarni toʻliq ishga solish orqali qishloq aholisi turmushini yuksaltirish muhimligi taʼkidlandi. Yoshlarni bilim-maʼrifatli va vatanparvar etib tarbiyalash, ularni oʻqishga, mehnatsevarlikka undashning ahamiyati haqida suhbatlashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring