Quva tumanida ishonchli vakil ishonchni oqlamadi
Saylov kodeksining 44-moddasiga koʻra, saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqot olib borish taqiqlangan.
Ushbu tartib qonun bilan qatʼiy belgilab qoʻyilishiga qaramasdan uning buzilish holati aniqlandi.
Fargʻona viloyati prokuraturasi xabariga koʻra, xalq deputatlari Quva tuman kengashiga “Adolat” sotsial demokratik partiyasidan nomzodi koʻrsatilgan B.Mavlonovning ishonchli vakili X.Abdullayev 2019-yil 22-dekabr kuni soat 08:30 larda oʻzining “Lasetti” rusumli avtomashinasi oldi qismiga “Adolat” sotsial demokratik partiyasi, ikki yon tomonlariga “Mavlonov Bahromjonga ovoz bering” degan yozuvlarni oddiy boʻyoqda yozib olib, Quva tumani, Jalayor okrugi hududidagi 25-sonli maktabda joylashgan 589-sonli, Mehnatobod qishlogʻi 51-maktabda joylashgan 743-sonli saylov uchastkalari oldida avtomashina oynalarini ochgan holda “Mavlonov Bahromjonga ovoz beringlar” deb targʻib qilgan.
Ushbu holat yuzasidan, Quva tuman prokuraturasi tomonidan B.Mavlonovning ishonchli vakili X.Abdullayevga nisbatan MJtKning 51-5-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilib, toʻplangan hujjatlar mazmunan koʻrib chiqish uchun Quva tuman maʼmuriy sudiga yuborilgan.
Elyorjon Ehsonov,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring