Quroldan foydalanishning aniq meʼyorlari ishlab chiqilmoqda
Toʻgʻrisi, qurol haqida gap ketganda, fuqarolar bir seskanib tushadi, yuragida qandaydir vahima va tahlika uygʻonadi. Aslida esa qurol jamiyat hayotini muhofaza qilish va osoyishtalikni saqlashda muhim ahamiyatga ega. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida boshqa bir qator qonun loyihalari qatori “Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini biz deputatlar ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqdik.
Aytish joizki, loyihada amaldagi qonunlardagi mavjud tushunchalarni, qurolga aloqador normalarni “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiqlashtirish, qurol va uning oʻq-dorilari muomalasi sohasida davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish vazifalarini Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga oʻtkazilishi nazarda tutilmoqda.
Loyiha bilan baʼzi qonunlarga ularning mazmuniga taʼsir qilmaydigan tahririy oʻzgartirishlar ham kiritildi. Yaʼni, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 32-moddasi hamda maxsus organlar va harbiy tuzilmalarini qurollantirish uchun moʻljallangan jangovar qurolning ayrim turlariga maxsus xizmat vazifalarga ega yuridik shaxslar ham egalik qilishi mumkinligi amaliyotda jiddiy muammolarni keltirib chiqayotganligi sababli, “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasi jangovar va xizmat qurolini farqlanishini belgilashga doir oʻzgartirishlar kiritildi.
Bundan tashqari ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomasiga ega boʻlgan jismoniy shaxslarning fuqaroviy, mukofot qilingan, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish uchun moʻljallangan qurol hamda uning oʻq-dorilarini olish, berish, realizatsiya qilish, tashish, saqlash, olib yurish, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish, ulardan foydalanish qoidalarini buzishi bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismigacha miqdorda jarima solishga yoki haqini toʻlab, shu qurol va oʻq-dorilarni olib qoʻyishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, qurol va oʻq-dorilarni musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi borasidagi takliflar ilgari surilmoqda.
Bir soʻz bilan ifodalaganda biz deputatlar tomonidan jamiyatimiz va hayotimiz taqozo etadigan meʼyorlarga mos tarzda ishlab chiqilayotgan mazkur qonun loyihasi qonunchiligimizda muhim ahamiyat kasb etadi, deb ishonaman.
Hazratqul Xoʻjamqulov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring