Qurilish jarayonini boshqarish, ish hajmi hisobini yuritish raqamlashtiriladi

18:38 06 Iyul 2022 Siyosat
963 0

Davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishida yana bir muhim masala — mamlakatimizdagi 2 mingdan ziyod loyiha tashkilotidan 10 tasida raqamli texnologiyalar joriy qilingani taʼkidlandi.

Bugungi kunda 30 ta yetakchi davlat loyiha tashkilotida 10 foiz mutaxassislar binolarni raqamli modellashtirish sertifikatiga ega.

Buyurtmachi, loyihachi va pudratchilar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik boʻlmagani bois, Investitsiya dasturiga kirgan obyektlar loyihasiga 5-6 oy vaqt sarflanmoqda.

Vaholanki, hududlarda har yili qurilayotgan maktab, bogʻcha, tibbiyot muassasalarining namunaviy loyihasidan foydalanib, muddatni kamida 2-3 oyga qisqartirish mumkin.

Shu bois, “Shaffof qurilish” dasturida “elektron katalog” yaratilib, ijtimoiy obyektlarning namunaviy loyihalari joylashtirib boriladi. Undan barcha buyurtmachilar va loyiha-pudrat tashkilotlari erkin foydalanishi mumkin boʻladi.

Viloyat hokimliklari qoshidagi Yagona buyurtmachi kompaniyalari faoliyatini qayta koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi.

Hozirda hududlarda loyihaning texnik topshirigʻini toʻgʻri ishlab chiqish, oʻz vaqtida va sifatli topshirish jarayonlarini boshqaradigan menejerlar yoʻq.

Viloyat hokimlari, Qurilish vazirligiga ikki oy muddatda Yagona buyurtmachi boʻlgan kompaniyalar faoliyatini qayta koʻrib chiqish topshirildi. Bunda:

— viloyatlarning Yagona buyurtmachi boʻlgan kompaniyalar boshqaruviga xorijiy menejerlar olib kelinadi;

— loyiha sifatini taʼminlash uchun kamida 1 nafardan malakali loyiha arxitektori va muhandislar jalb qilinadi;

— qurilish jarayonini boshqarish, ish hajmi hisobini yuritish raqamlashtiriladi.

Shu bilan birga, kelgusi yildan Yagona buyurtmachi kompaniyalarining:

— loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish;

— yangi qurilishlar boʻyicha texnik nazorat funksiyalari autsorsing asosida xususiy sektorga beriladi.

Bu ishlarni qilish uchun Yagona buyurtmachi kompaniyalarga malakali mutaxassislarni jalb qilish, laboratoriyalar ahvolini yaxshilash, manfaatini koʻpaytirish uchun moliyaviy imkoniyatlari kengaytiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер