Qoʻsha qarish saodati
Foto: Xalq so‘zi
Nurotalik Abdujabbor aka Hamroyev va Oʻrazoy Hamroyeva bugun hayotlarining 72 bahorini qarshi olishmoqda. Ellik uch yildirki, bir-biriga yelkadoshu suyanch boʻlgan bu insonlarning umr yoʻli, oila atalmish muqaddas qoʻrgʻonni asrab-avaylab kelayotgani hozirgi koʻplab yoshlar uchun ibrat maktabidir, desak yanglishmaymiz.
Bugun esa ular qoʻsha qarish saodatiga muyassar oila sifatida Navoiy viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbiriga taklif qilingan.
— Ushbu tadbirga oila qurganiga ellik yildan oshgan keksalar bilan bir qatorda oilasida biroz notinchlik hukm soʻrayotgan va endi oila qurish arafasidagi yoshlarni ham taklif etdik, — deydi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash Navoiy viloyat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari S. Istamov. – Maqsad nuroniylarimizning oila mustahkamligini taʼminlashdagi hayotiy tajribalarini, oʻgitlarini yoshlar ongiga singdirishdan iborat.
Taʼkidlash joiz, oila oʻzaro mehr-muhabbat, hurmat va totuvlik asosiga qurilsagina, undagi muhit sogʻlom boʻladi. Bunday oilada voyaga yetayotgan farzandlar, shubhasiz, maʼnaviy-ruhiy barkamol boʻladilar. Shu jihatdan Navoiy viloyatidagi statistikaga eʼtibor qaratsak, har sakkizinchi nikohning ikki-uch yil oʻtib bekor qilinayotgani tashvishlanarli holdir. «Qoʻsha qarish saodati» nomi ostida oʻtkazilgan ushbu tadbir esa ajrashish arafasidagi oʻnta oiladan birini saqlab qolsa, shu ham katta natija.

Tadbirda nuroniy oila sohiblari oʻzlarining murakkab hayot yoʻllarini hikoya qilib, chunonchi, «Oiladagi iqtisodiy yetishmovchilik turli noxushliklarga sabab boʻladimi?» degan savol atrofida oʻz mulohazalarini bayon etishdi.
— Ellik uch yillik turmushimiz silliqqina kechdi, deya olmayman. Ayniqsa, mustaqillikning dastlabki yillarida oilamizda yetishmovchilik koʻp boʻldi, — deydi Abdujabbor aka Hamroyev. — Oʻzim oʻqituvchiman, ellik yillik stajim bor, yetti farzandimizning olti nafari oʻgʻil, faqat kenjamiz qiz. Rafiqam bola-chaqadan ortib ishlay olmadi. Tabiiyki, men topgan daromad yeb-ichishga uchma-uch yetardi. Agar men shunday vaziyatda ichkilikka ruju qoʻysam yoki boshqa yomon yoʻllarga kirsam, oilamizni saqlab qolishga faqat oʻzaro mehr-muhabbatning oʻzi yetarli boʻlmasdi. Xudoga shukr, qiyinchiliklar ortda qoldi, farzandlar voyaga yetib, ogʻir kunlar tushday esdan chiqdi.
Tadbir nihoyasida piru badavlat otaxonu onaxonlarga tashabbuskorlarning esdalik sovgʻalari topshirilib, viloyatning badiiy havaskorlik dastalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Temur ESHBOYEV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring