Qorasuvda 1680 oʻrinli maktab qurilmoqda
Joriy yilda Investitsiya dasturi asosida Samarqand viloyatining tuman va shaharlaridagi jami 32 ta maktabda 128,2 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. Ularning 2 tasi yangi qurilish boʻlib, 21 tasida rekonstruksiya va 9 tasida kapital taʼmirlash ishlari olib boriladi.
2020-yil Investitsiya dasturiga binoan, qoʻshimcha ravishda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 65 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, viloyatdagi 22 ta umumtaʼlim maktabida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. Bugungi kunda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda ushbu qurilish-taʼmirlash ishlari davom etmoqda.
Ayni paytda Samarqand shahridagi Qorasuv massivida 1680 oʻrinli yangi maktabning qurilish ishlari jadal davom etyapti. Zamonaviy maktab talablari asosida bunyod etilayotgan muassasa 4 qavatli oʻquv binosi, sport zallari, futbol, basketbol va voleybol maydonlariga ega boʻladi.
Yangi maktabni qurishda Prezident maktablari tajribasidan foydalangan holda, oʻquvchi-yoshlarning puxta bilim olishi, jismonan va maʼnan sogʻlom boʻlib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Kelgusida Qorasuv massivida aholining ortib borishi inobatga olinib, xuddi shunday yangi umumtaʼlim muassasalari qurilishi koʻzda tutilgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring