Qoraqalpogʻistondagi toʻy kortejida 10 ga yaqin mashina ataylab toʻqnashtirildi

10:25 13 Iyun 2024 Jamiyat
483 0

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda toʻy kortejida haydovchilar yoʻl talashib, mashinalarni atay toʻqnashtirgani aks etgan videolar tarqaldi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, kecha, 12-iyun kuni Kegeyli tumanida yashovchi 22 yoshli А.Н.нинг nikoh toʻyi oʻtkazilgan. Toʻy kortejidagi jami 9 ta mashina Nukus shahrida joylashgan “Karavan saray” toʻyxonasidan Kegeyli tumaniga qarab harakatlangan.

Foto: Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV

Aniqlanishicha, fuqaro А.Н. toʻy sayli boshlanishidan oldin kim u oʻtirgan mashina orqasidan birinchi boʻlib yetib borsa, oʻsha haydovchiga 200 AQSH dollar berishini vaʼda qilgan.

“Toʻy saylida qatnashgan “Gentra”lar haydovchilari kortej Kegeyli tumaniga yetib kelgach, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, tumanning Nurli quyosh koʻchasida kuyov oʻtirgan “Mercedes” ortidan yoʻl talashib, bir-biri bilan toʻqnashgan”, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilinishicha, holat boʻyicha olib borilgan surishtiruv ishlari davomida tan jarohati olgan fuqarolar aniqlanmagan. Toʻy saylida ishtirok etgan 9 ta mashina jarima maydoniga qoʻyilib, haydovchilarga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Hozirda haydovchilarga nisbatan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) boʻyicha maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер