Qoraqalpogʻistonda gʻalla oʻrimida ishtirok etayotgan kombayn operatorlari moddiy ragʻbatlantirilmoqda
Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Qoraqalpogʻiston mamlakatimizning shimoliy hududida joylashganligi sababli hosil yigʻish, xususan, gʻalla oʻrim-yigʻimi ham biroz kechroq boshlanadi. Ayni kunlarda gʻalla oʻrim-yigʻimida ishtirok qiladigan kombaynlar yakuniy nazoratdan oʻtkazilmoqda.
Toʻrtkoʻl tumanida kombaynlarning gʻalla oʻrim-yigʻim ishlariga tayyorgarligi yuzasidan oʻtkazilgan tadbirda tuman hokimi R.Shamuratov, “Oʻzagroinspeksiya”ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi A.Yusupov, tumandagi korxona va tashkilotlar masʼul xodimlari, gʻalla oʻrish kombaynlari operatorlari ishtirok etdi.

Koʻrgazmali tadbirda kombaynlarning texnik holati sinab koʻrildi. Shuningdek, joriy qishloq xoʻjaligi yilida 4 ming 520 gektar maydondagi gʻalla hosilini oʻrib-yigʻib olish uchun 13 ta otryadlar tashkil qilingani, oʻrilgan gʻallani don yigʻish tashkilotlariga yetkazish uchun ajratilgan texnikalar va mexanizatorlarga samarali ishlashi uchun sharoitlar yaratish masalalari muhokama etildi.
— Gʻalla oʻrimida ishtirok qiladigan kombayn operatorlari mavsum davomida samarali ishlashi uchun ularni qoʻshimcha ragʻbatlantirish choralari koʻrilmoqda, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi Texnika holatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Azat Aytjanov. — Jumladan, kombayn operatorlariga 2 million soʻm pul, un, yogʻ hamda asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari berilmoqda.

Joriy mavsumda Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 63 ming gektar maydondagi gʻallani oʻrib-yigʻib olish uchun 163 ta kombaynlar jalb qilinishi belgilangan. Ayni kunlarda “Oʻzagroinspeksiya” xodimlari tomonidan kombaynlarning mavsumga shayligi koʻzdan kechirilib, sertifikat asosida qabul qilinmoqda.
Hosil oʻrim-yigʻimi yaqinlashmoqda. Masʼullar, unda ishtirok qiladigan kombayn operatorlarini qoʻshimcha ragʻbatlantirishni tashkil qilgani juda yaxshi ish boʻlibdi. Oʻylaymizki, oʻz navbatida operatorlar ham oʻzlari boshqaruvidagi kombaynlarning soz holatda boʻlishiga eʼtibor qaratib, pishib yetilayotgan gʻallani oʻz vaqtida va sifatli oʻrib-yigʻib olishda jonbozlik koʻrsatishadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring