Qoraqalpogʻiston Respublikasida sodir etilgan tashvishli voqealarni har birimiz, barcha Oʻzbekiston fuqarolari yuragimizda chuqur dard va iztirob bilan qabul qilmoqdamiz — Shavkat Mirziyoyev
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda. Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz va Joʻqorgʻi Kenges deputatlariga murojaat qildi.
«Bugun men Vatanimizning taqdiri va kelajagiga, qutlugʻ zaminimizdagi tinchlik va barqarorlikka befarq boʻlmagan barcha insonlarga murojaat qilmoqchiman.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida sodir etilgan tashvishli voqealarni har birimiz, barcha Oʻzbekiston fuqarolari yuragimizda chuqur dard va iztirob bilan qabul qilmoqdamiz.
Maʼlumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, “inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani amalda qaror toptirishga qaratilgandir.
Fuqarolarning oʻz fikri va xohish-irodasini demokratik prinsiplar va huquqiy normalar asosida erkin bildirish boʻyicha yaratilgan shart-sharoitlarga qaramasdan, ayrim gʻarazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zoʻravonlik yoʻlini tanlab, Oʻzbekistondagi vaziyatni beqaror etish va izdan chiqarishga urinmoqda.
Soxta axborotlarni tarqatishning sinalgan texnologiyalaridan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalangan holda, buzgʻunchi kuchlar aniq maqsadni koʻzlab, fuqarolarni Konstitutsiyaga xilof faoliyatga jalb etmoqda.
Ularning asosiy maqsadi jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga boʻlgan ishonchni susaytirish, Oʻzbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iborat», dedi Prezident.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring