Qorakoʻllik yosh tadbirkor 80 nafar mahalladoshi bandligini taʼminladi

17:20 25 Avgust 2023 Jamiyat
699 0

Foto: «Халқ сўзи»

Xonadon borki, supurgiga ehtiyoj sezadi. Uyning sarishtaligi, ozodayu orastaligi supurgi bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois, bu roʻzgʻor buyumiga doim talab katta boʻladi. Hatto supurgi eksportbop mahsulot sanaladi. Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanidagi eng chekka goʻshalardan sanalgan “Chandirobod” mahallasida yashovchi 24 yoshli Davrbek Bobomurodov oʻz biznesini supurgi oʻsimligini yetishtirish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishdan boshladi.

— Supurgi tayyorlashga bundan yetti-sakkiz yilcha muqaddam kirishganmiz, — deydi u. — Tomorqada, gʻalladan boʻshagan yerda supurgi ekini ekib, ancha-muncha tajriba toʻplaganmiz. Mamlakatimizda yosh tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotganidan ruhlanib, oilaviy korxona faoliyatini yoʻlga qoʻydim. Samarasi esa tezda koʻzga tashlandi.

Maʼlumki, past hosilli paxta va gʻalladan qisqartirilgan yerlar qishloq aholisiga dehqonchilik qilish uchun berilmoqda. Mahallada ana shunday maydonlarning 45 gektari supurgi yetishtirish uchun ajratilgani yosh tadbirkor qoʻl keldi. Ish “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyildi. Buning samarasi oʻlaroq D. Bobomurodov tomonidan 80 nafar mahalliy xotin-qizning bandligi taʼminlandi. Bajarilgan ish hajmiga qarab, xotin-qizlar oyiga ikki yarim million soʻmdan besh-olti million soʻmgacha maosh olishmoqda. Muhimi, bu yerda yiliga 150 mingta supurgi tayyorlash imkoniyati mavjud va tayyor mahsulot savdo nuqtalariga yetkazib berilmoqda.

Ayni damda oliy oʻquv yurtida moliya sohasida tahsil olayotgan yosh tadbirkor Davrbek Bobomurodovning taʼkidlashicha, ish hozircha qoʻl kuchiga tayanilgan holda bajarilmoqda. Maxsus uskunalar xarid qilingach, ishlab chiqarish quvvati ancha oshadi. Bu esa yangi ish oʻrinlari ochish imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер