«Qoʻqon» EIZda «Yapon sanoat parki» tashkil etiladi
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Yaponiyaning “Japan DX Co., Ltd” direktorlar kengashi ijrochi raisi Soji Suzuki boshchiligidagi bir guruh investorlar bilan uchrashdi.
Muloqotda oʻzaro hamkorlikda yaqin istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar ijrosi muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, Fargʻona viloyati hokimi X. Bozorov boshchiligidagi delegatsiyaning 2022-yilning dekabr oyida kunchiqar yurtga qilgan amaliy tashrifi chogʻida bir qator investitsiyaviy kelishuvlarga erishilgan edi.
Uchrashuvda ana shu kelishuvlar samarasi sifatida Fargʻonada qishloq xoʻjaligi, chiqindilarni qayta ishlash yoʻnalishlarida hamda Yapon bogʻini tashkil etish borasida amaliy ishlarga kirishilgani qayd etildi. Shu maqsadda bugungi kunda viloyatda yapon korxonalari roʻyxatdan oʻtib, faoliyat boshlagani taʼkidlandi.
Shuningdek, «Qoʻqon» erkin iqtisodiy zonasida «Yapon sanoat parki» faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbus ilgari surilib, ushbu zonada tadbirkorlar, xususan, xorijlik sarmoyadorlarga qulay investitsiya muhiti yaratib berilishi maʼlum qilindi.
“Japan DX Co., Ltd” direktorlar kengashi ijrochi raisi Soji Suzuki bilan ayni masalada anglashuv memorandumi imzolandi. Loyihaga koʻra, «Qoʻqon» EIZga Yaponiyaning zamonaviy texnologiyalarini olib kelish, startap loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.
Botir MADIYOROV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring