Qonuniy vaqt
Sifat baribir sifat! Inson har bir narsaning yaxshisi, aʼlosi, sifatlisiga intiladi. Kiyim-bosh, yemoq-ichmoq, uy-joy, er-xotin, bola-chaqa, taʼlim-tarbiya, kasb-kor, ish-joy, oshna-ogʻayni, qarindosh-urugʻ — hayoti bekamu koʻst boʻlishini istamagan bormi oʻzi? Yoʻq, albatta! Baxtli umr kechirish har kimning orzusidir.
Biroq besh barmoq barobar boʻlmaganidek, odamlarning iqtidoriyu imkoni turlicha. Shuning uchun ham har kim oʻziga xos va oʻzicha bir barmoq. Barmoqlar birlashsa, nima boʻladi? Musht boʻladi! El-yurt birlashsa-chi? Millat!
2016-yili kuzida boshlangan sifat jihatidan yangi bosqichimizning barcha yoʻnalishi, har bir pallasini el qatori biz ham baholi qudrat sinchiklab kuzatib, oʻrganib, oʻzimizcha xulosalar qilib kelmoqdamiz. Hayotimiz shunchalar tez oʻzgarmoqdaki, baʼzan yuz berayotgan yangiliklarni aqlan hazm qilishga ulgurmaydi kishi. Ayniqsa, oxirgi ikki oy voqealarini...
Yangi Oʻzbekiston — yangi saylovlar
Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi majlisidagi chiqishlarida, parlament va mahalliy Kengashlarga oʻtkazilgan saylovlar, Oʻzbekistonimiz uchun katta siyosiy imtihon boʻlgani, xalqimiz bu sinovdan yorugʻ yuz bilan oʻtganiga bejiz urgʻu bermadilar. Negaki, bu galgi saylovlarni oʻzimizda ham, tashqarida ham barcha kutdi: kimlardir, nima boʻlar ekan, deb, kimlardir, uch yilda nima oʻzgardi, deb. Boshqacha boʻlishi mumkin ham emasdi. Umumerkinlik muhiti, demokratik islohotlar, chinakam bozor iqtisodiyotiga oʻtishga rosmana bel bogʻlangani, eng muhimi, ongli ravishda odamlarni ongli qilish davlat siyosatiga aylangan sharoitda oʻta tez kechgan uch yillik qisqa muddat natijasi hammaning diqqat markazida turishi tabiiy edi. Shu maʼnoda, yangi saylovlar bundan atigi toʻrt yil burun biron kim xayoliga ham keltirmagan, kutmagan tarz, koʻlam va shiddatda boshlangan tarixiy oʻzgarishlar jamiyatimiz dunyoqarashi va feʼl-atvoriga nechogʻliq taʼsir koʻrsatganini imtihon qiluvchi oʻziga xos qil koʻprik boʻlishi boshdanoq ayon edi.
Toʻgʻri, butun yurt, uning har bir parchasini oʻz domiga tortgan, millionlab kishilar qatnashgan ulkan siyosiy jarayonning bekamu koʻst oʻtmasligi turgan gap. Mazkur nuqsonlar soʻnggi yuz yil ichida shakllanib, ildiz otgan “saylovchilik madaniyati”ning sarqitlaridir, desak, adolatdan boʻladi. Muhimi, ular yashirilmadi, xaspoʻshlanmadi, jamoatchilik tanqidiga uchradi, davlat tomonidan qonuniy choralari koʻrildi. Tushungan va xolislar uchun bu ham aslida bizning yutugʻimizdir. Zero, shu tariqa biz oʻz xatolarimizni tan olish va ularni yoʻqotishga qodirligimizni bildik, koʻrsatdik.
Eng asosiy marramiz esa, milliy yetakchimizning ushbu haqqoniy xulosalarida oʻz ifodasini topdi desak, koʻpchilik qoʻshiladi: “Yangi Oʻzbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida boʻlib oʻtgan saylovlar natijasida respublikamizda demokratik islohotlarni yuqori bosqichga olib chiqish uchun zarur boʻlgan yangi siyosiy muhit vujudga keldi”.
Negaki, dunyoning qaysi bir chekkasida, tarixning qaysi bir davrida boʻlmasin, iqtisodiy imkonlar, isteʼdodlar toʻlib-toshib yotmasin, jamiyatda ularni yuzaga chiqaruvchi tengsiz kuch-qudrat — tegishli siyosiy muhit yoʻq ekan, biron millat va davlat yuzaga chiqmagani va chiqolmasligini oʻtmish va zamona tasdiqlab qoʻygan haqiqatdir. Isbot qidirib, uzoqqa borib nima qilamiz: bugungi siyosiy muhitning shakllanish, toblanish yoʻli 2016-yil 19-oktyabrda milliy yetakchimiz tomonidan jamiyatga taqdim etilgan “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan vaqt keldi” siyosiy chaqirigʻidan boshlanganini kim ham inkor qila oladi!
Millatimiz bunday vaqt kelishini uzoq, asrlar ichra kutdi. Ming yillar davomida avloddan-avlodga oʻtib borgan bir xil dunyoqarash va turmush tarzida yashab keldik: “qora”, omi, uzluksiz ongsiz tutib turilgan xalq hukmdorlar, amaldorlar... timsolidagi davlatga xizmat qilib keldi. Oqibati fojiali boʻldi: deyarli yuz oʻttiz yillik qaramlik toʻriga tushdik va endi birovlarga xizmat qila boshladik. “Qoramiz” ham, “oq suyaklarimiz” ham begonalarga birdek qul boʻldik. Qashshogʻimiz ham, boyimiz ham bor-budimizdan ayrildik. Keyin ham koʻzimiz ochilmadi...
Ilgʻorlarga havas bilan qaradik, ularning yutuqlarini qaytarishga otlandik. Biroq bir haqiqatni tushunib yetmadik: oʻshalardagidek marralarga erishmoq uchun ular rioya etgan qonun-qoidalar bizning ham dunyoqarash va turmush tarzimizga aylanmogʻi kerak. Aytishga oson ushbu gapni amalda samarali qoʻllash, Oʻzbekiston sharoitidagi qalovini topish eng ogʻir yumush sanalganini ham taʼkidlash lozim. Shu maʼnoda, odamlar davlat idoralariga emas, davlat idoralari odamlarga xizmat qilishidek siyosiy gʻoya va uning kundalik hayotdagi tashkiliy, huquqiy tatbigʻi necha asrlardan buyon muzlab yotgan milliy dunyoqarash va turmush tarzimiz qorlarini yondirib yuboroldi, desak, toʻgʻrisini aytgan boʻlamiz.
Demak, vakillik idoralariga boʻlib oʻtgan saylovlar deyarli uch yarim yil burun koʻp ming yillik tarixiy taraqqiyotimizda ochilgan yangi bosqich yoʻlining toʻgʻri ekanligini isbotlab berdi. Isbotlaganda ham, tuman, shahar, viloyat, mamlakat miqyosida, butun yurt va jahon koʻz oʻngida kechgan ochiq va keskin kurashlar jarayonida isbotlab berdi.
Shu bilan birga, shaxsan biz uchun eng ulugʻ isbot-marra mana bunisidir: omi xalqning tizgini qoʻyib yuborilsa, koʻzi ochilsa, tortishuvlarga izn berilsa, xalq ikkiga, toʻrtga, oʻn toʻrtga, toʻqson ikkiga boʻlinib ketishiga oid azaliy “bashoratlar” puch ekani amalda ayonlashdi-qoʻydi.
Toʻgʻri, siyosiy bellashuvlar chogʻida quyushqondan chiqish holatlari boʻldi. Nega ham boʻlmasin? Bu borada bizda necha-necha avloddan oʻtib kelayotgan biron tajriba, koʻnikma, madaniyat boʻlmasa, qanday qilib barchasi risoladagidek oʻtishi mumkin edi. Tabiiyki, bundan ortiq boʻlmaydi. Tariximizda birinchi marta ekanligidan kelib chiqilsa, kutilganidan, shaxsan biz xavotirlanganidan koʻra ancha yuqori sifat darajasida oʻtdi, desak, oshirib yubormagan boʻlamiz.
Demokratiya qonunlariga xos ravishda saylovda kimdir yutdi, kimdir yutqazdi. Umummillat koʻzi bilan qarasak, hammamiz yutdik, kelajagimiz yutdi: nihoyat, xalq irodasini hokimiyat oʻzagida shakllantirish borasida siyosiy qarashlar va harakatlar madaniyatining tamal toshini qoʻyoldik.
Baraka ilmu maʼrifatda
Milliy yetakchimizning 2016-yil 30-dekabrda, yaʼni Prezidentlik lavozimiga rasman kirishganidan ikki hafta oʻtar-oʻtmas, ilm-fan ahli bilan uchrashuvida chuqur maʼno bor edi. Odatda, bunday kunlarda kattayu kichik, barchaning xayoli bir narsa — Yangi yil bayrami bilan band, eski yilni kuzatish, yangisini kutib olish taraddudida boʻladi. Kimligidan qatʼi nazar, har kim kelgusi yil yaxshi kelishini chin yurakdan istaydi, umid qiladi.
Bu singari istak va umidlar har qanday zamon, har bir yurtda boʻlgan, boʻladi. Hamma gap ularning roʻyobga chiqishi uchun ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy shart-sharoit yaratishning oqilona va unumli yoʻlini topa olish va qoʻllay bilishdadir.
Ochiqchasiga tan olamiz: mazkur tadbirni telekanal orqali kuzatganda, u haqidagi yozma axborotni oʻqib-oʻrganganda, Prezidentimizning muddaolarini anglab yetgandik. U ham boʻlsa, bundan buyongi hayot va rivojimiz negizida ilm-fan turadi. Biroq gʻir etib oʻtib ketgan va uxlab tushimizga ham kirmagan ayrim keskin oʻzgarish va yangiliklarga boy uch yil, soʻz ketayotgan uchrashuv oʻshanda biz oʻylagandagidan ham koʻlamliroq mazmun-mohiyatni koʻzlagan ekan: odamlarni ongli ravishda ongsiz qilish davrimiz tugab, buyogʻiga odamlarni ongli ravishda ongli qilish uchun kurash boshlangan ekan! Bu kurash, jangdagi qurol esa ilm-fan, maʼrifatdir!
Oʻzbek millati va davlatchiligi tarixini maxsus va baholi qudrat oʻrganib kelayotgan, soʻnggi deyarli chorak asr davlat boshqaruvi tizimida ishlab, shu tariqa qadim-qadimdan bosib kelinayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yoʻlimiz bilan bogʻliq qonuniyatlarni bir butunlikda oʻrganish, anglash, xulosalash imkoniga ega inson sifatida aytar soʻzimiz: shonli va murakkab oʻtmishimizda erishilgan barcha yutuqlar, yoʻqotishlarimiz ilmu maʼrifat omili bilan bogʻliqdir. Oʻzbek millati va davlatining kuchi ham, kuchsizligi ham xuddi shu omilga bogʻlangandir. Oʻzbekning tirikligi ilmu maʼrifatdadir! Boshqalarni bizga zor qilgan, oʻzimizni oʻzimizga xor qilgan ham xuddi shu omilga munosabatimizdandir. Yo u yoqlik, yo bu yoqlik.
Biz shunday millatmiz! Oʻzgacha boʻlolmaymiz. Bizning bichimimiz shunday. Peshonamizga shunday yozilgan. Bir soʻz bilan aytganda, ilmu maʼrifat qonimizda bor.
Raqamli iqtisodiyotning asoschisi aslida oʻzimiz boʻlganmiz, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Ulugʻ ajdodimiz Muhammad Xorazmiy bundan 1200-yil burun 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 sonlaridan iborat zamonaviy oʻnli sanoq tizimini yaratish orqali raqamli iqtisodiyotning oʻziga xos tamal toshini qoʻyib bergandi, deb baralla jar solishdan tortinmasligimiz kerak. Masalan, yurtdoshimizning kashfiyotiga qadar yigirma sakkiz soni rim raqamlarida XXVIII shaklida yozilgan boʻlsa, endi uni ikkitagina belgi bilan ifodalash imkoni tugʻilgan: 28. Bugun oddiygina tuyuladigan mazkur tengsiz kashfiyotning oʻn ikki asr burungi voqelik manzarasida tasavvur qilib koʻraylik. Zamonaviy oʻnli sanoq tizimining avval ilmiy, soʻng boshqa faoliyat muomalalariga kirib borishi, umuman, kishilik sivilizatsiyasi, xususan, ilm-fan, taʼlim rivojiga qanchalar samarali taʼsir koʻrsatgani va koʻrsatayotganini, hisob-kitobni tezroq va unumliroq bajarishda kundalik turmush, ayniqsa, iqtisodiyotda cheksiz imkoniyat tugʻdirganini mutaxassislar juda yaxshi biladilar.
Raqamli texnologiyalarni murakkab algoritmlarsiz yaratib boʻlmasligidan kelib chiqilsa, algoritm asoschisi ulugʻ oʻzbek olimi Muhammad Xorazmiyni eslashga toʻgʻri keladi. Raqamli iqtisodiyot esa raqamli texnologiyalar negizida yaratiladi.
Tilga olingan tarixiy haqiqat oʻzbek ilmi tarixidagi “xamir uchidan bir patir”, xolos. Lekin ming afsuski, ular haqida biz oʻtmish maylida soʻzlay olamiz. Tan olaylik, temuriylardan keyingi besh yuz yildan ortiq kattagina muddatda davlatimizda ilm-fanga eʼtibor avval susaydi, soʻng butunlay yoʻqoldi. Bu boradagi natija ham yuqorida urgʻu berilgan masala — ijtimoiy-siyosiy qoloqlik oqibatidek fojiali boʻldi. Milliy yetakchimizning “Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi” hikmatli soʻzlarining magʻzi ham shunda, deb bilamiz.
Toʻgʻri, hali oldimizda koʻp qiyinchiliklar bor, yechilishi lozim jumboqlar yetarlidir. Prezidentimiz har bir chiqishlarida ushbu haqiqatga barchamizning diqqatimizni tortib kelmoqdalar va bunday yondashuvni oqilona, deb bilamiz. Falon yili, albatta, kommunizm boʻladi, qabilida odamlar qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirib, millionlab kishilar, necha-necha avlodlar umrini umidvorlik xazoniga aylantirishlarni ham boshdan oʻtkazganmiz. Shu maʼnoda, milliy yetakchimizning “Tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz. Bu yoʻlda qanday qiyinchilik va mashaqqatlar boʻlmasin, barchasini mardona yengib oʻtishga tayyormiz”dek ishonchga yoʻgʻrilgan daʼvatini toʻla qoʻllaymiz. Yaʼni bir musht — millat boʻlib oʻzimizga ishonishimiz lozim!
Ishonishimiz uchun esa barcha asoslar bor. Oʻtgan oʻta qisqa muddatda turmushimizning barcha yoʻnalishlarida erishgan tarixiy natijalarimiz buning yaqqol tasdigʻidir. Mazkur natijalarga esa, qoʻlimizga oʻz milliy qurolimiz — ilm va bilimni qayta olganimiz orqali erishdik: zamonaviy boshqaruv ilmi, iqtisodiyot ilmi. Zero, aynan ilm eng toʻgʻri va oqilona yoʻlni koʻrsatishga qodirdir. Demak, ilm bor yerda esa, albatta, baraka boʻladi.
Murojaatnomada “jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerakligi, bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topishimiz”ga urgʻu berilgani bejiz emas, albatta.
Savollarni esa, davlatimiz rahbarining oʻzi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyning ochilishi munosabati bilan uchrashuvda oʻrtaga tashlagan edilar: Jadidchi bobolarimiz yashagan zamondagi vaziyat bugungi zamonimizda bormi-yoʻqmi, ularga oʻxshab hamma narsadan voz kechib, millat va Vatan uchun kurashga tayyormizmi, nima sababdan biz shu kunlarga kelib qoldik, savoli barchani qiynashi kerak emasmi... Qodiriy qanday sharoitda yashab qahramonlik koʻrsatgan edi-ku, biz qanday davrda yashab qahramonlik qilishimiz kerak...
Maʼrifat nima? Maʼrifat bilish, anglash, tanish demakdir. Bundan chiqdi, agar millat zamonaviy bilimlarga ega boʻlmasa, oʻzligini anglamasa, ulugʻlarini tanimasa, oyogʻi ostida bitmas-tuganmas boyliklar yotsin, dalalarida “oq oltin” oʻssin, qoʻlida yetmish ikki xil hunari boʻlsin, befoyda ekan: u faqat qornini oʻylab yashaydi, xolos. Oʻzi uchun qilinishi lozim katta ishlarga qodir boʻlmaydi, buyuk marralarni zabt etolmaydi. Aksincha, maʼrifat bor muhitda qadr-qimmat boʻy choʻzadi. Oʻz qadr-qimmatini bilgan inson, jamiyat yaratuvchan boʻladi. Yaratuvchilik bor yerda esa, albatta, baraka boʻladi. Shu munosabat bilan, soʻnggi yillarda yuz ochgan koʻpdan-koʻp misollardan atigi bittasini keltirib oʻtamiz: Eski shaharda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi, adib muzeyi va kutubxona qurilgani ushbu goʻshaga yana baraka kiritdi. Qodiriy — bu baraka!
Har kim oʻz aravasini oʻzi tortishi kerak
Tabiat va jamiyat qonunlari bir xil emas. Ammo har ikkoviga ham xos bir qonuniyat bor: har qanday tirik zot oʻzi uchun oʻzi kurashishi lozim. oʻirt oʻzbekcha aytganda, har kim oʻz aravasini oʻzi tortishi kerak.
Toʻgʻri, inson oʻzidagi ustunliklar — aql, his-tuygʻular sabab necha ming yillarki, ushbu qonuniyatni odamiylashtirishga intilib kelmoqda. Mazkur intilishlar oʻlaroq tugʻilgan tushuncha va hodisa barchamizga yaxshi maʼlum: adolat. Demokratiya, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati singarilar ham aslida shu omil tantanasi uchun izlanishlar, intilishlar mahsulidir. Biroq oʻzi uchun oʻzi kurashish qonuniyati yoʻqqa chiqmadi, chiqmaydi ham. Teskari holda, hayot mazmuni yoʻqoladi, tiriklik yoʻqoladi. Xoʻsh, unda gap nimada?
Tan olaylik, biz yaqin-yaqingacha Oʻrta asrlar dunyoqarashi va turmush tarzida yashab, ishlab keldik. Buning xolis va noxolis sabablari bor, albatta. Biroq nima boʻlganda ham, olam ahlining bir boʻlagi allaqachon undan voz kechib, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlanishning eng yuqori sifat darajasi negizidagi dunyoqarash va turmush tarzini kundalik turmushning qonuniga aylantirib boʻldi. Ular bunga birdaniga emas, asrlar osha kechgan mashaqqatlar orqali erishganlari ham chin. Ammo bu biz uchun ham, hech deganda, oʻn yillar zarur degani emas.
Oʻtgan uch yildan oshiqroq muddat millatimizning bu boradagi imkonlari yetarli va kuchli ekanini isbotlab qoʻydi. Soʻnggi saylovlar jarayoni esa mazkur xulosani tasdiqlovchi oʻziga xos muhr boʻldi. Ular yana bir narsani, biz yuqorida urgʻu bergan qonuniyat abadiyligini isbotlab qoʻydilar: har bir partiya, nomzod, saylovchi oʻzi uchun oʻzi kurashdi. Ushbu kurashlar butunlay yangi va oʻzgacha siyosiy muhitda oʻtgani barobarida, bundan buyongi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy turish-turmushimizga kishibilmas qattiq taʼsir koʻrsatishi koʻzda tutilsa, barchamiz shahdam qadam qoʻygan oʻn yillik manzarasi oydinlashadi-qoladi.
Murojaatnomada islohotlar tashabbuskori jamiyatning oʻzi boʻlishi lozimligiga bejiz urgʻu berilmaganiga qattiq ishonamiz. Demokratiya, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati, bozor iqtisodiyoti kabi omillardan muddao ham aslida shu: har bir inson uchun oʻzligini namoyon etishi, oʻzi uchun oʻzi kurashishi yoʻlida adolatli shart-sharoit yaratib berish. Milliy yetakchimizning Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi “Hammamiz oʻz aravamizni tortadigan qonuniy vaqt keldi” soʻzlarining hikmati ham shunda.
Azamat ZIYO,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi,
tarix fanlari doktori, professor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring