Qonun ijrosi nazorat-tahlil faoliyati tartibida oʻrganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi shu yilning 15-16-sentyabr kunlari Andijon viloyatida “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Qonunning ijro etilish holatini nazorat-tahlil faoliyati tartibida oʻrgandi.
Dastlab xalqaro meʼyorlarga mos holda ishlab chiqilgan “Milliy urugʻchilik siyosati”ning ijro holati, urugʻchilikni rivojlantirishning qisqa va uzoq muddatli strategiyasi koʻrib chiqildi. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida urugʻchilik klasterlari, kichik urugʻchilik tashkilotlari koʻzdan kechirildi.
Deputatlar Andijon viloyatida qonunning maqsad va vazifalari doirasida ish qanday olib borilayotgani, urugʻchilik obyektlari va subyektlarining huquq hamda majburiyatlarining bajarilish holatlarini hududning Andijon, Baliqchi va Buloqboshi tumanlari misolida tahlil etishdi. Bunda urugʻchilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib manfatdor vazirlik hamda idoralar tomonidan belgilangan vazifalarning toʻgʻri ijro etilish holatlari, oʻzaro aloqalarning oʻrnatilgani ularning diqqat markazida boʻldi.
Maʼlum boʻlishicha, yuqoridagi tumanlarda faoliyat olib borayotgan paxta toʻqimachilik klaster korxonalari, fermer xoʻjaliklari oʻrtasida tender tanlov oʻtkazilib, qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarini yetishtiruvchi subyektlar tanlab olingan.
Viloyatda 2023-yil hosili uchun 78 ming 991 gektar maydonga qishloq xoʻjaligi ekinlaridan paxtaning “Andijon-35” navi 39 ming 244 gektar, “Andijon-36” navi 25 ming 12 gektar, “Andijon-37” navi 8 ming 956 gektar, istiqbolli nav sifatida “UzPITIT-201” 2 ming 232 gektar, “UzPITIT-202” 1 ming 993 gektar, “UzPITIT-203” navi 786 gektar maydonlarda va 768 gektar maydonda “Sharq” navi ekilishi rejalashtirildi. Ushbu navlar bugungi kunda yuqori hosildor nav sifatida tan olinib, yanada mukammal amaliyotdan oʻtkazilmoqda.
Shuningdek, hududda kelasi yil hosili uchun 72 ming 500 gektar maydonga kuzgi boshoqli don urugʻlarini ekish koʻz tutilgan boʻlsa, gʻalla hosili uchun esa viloyatda belgilangan tartibda urugʻlik gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari tanlab olingan. 2023-yilda 500 nafar fermer xoʻjaliklarining 7 ming 703 gektar maydonlarida urugʻlik gʻalla ekilib, 18 ming 130 tonna urugʻlik don jamgʻarish rejalashtirilmoqda.
Oʻrganish davomida hududda sabzavot hamda boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari ekilishi masalalari ham eʼtibordan chetta qolmadi. Xususan, kelasi yil hosili uchun viloyatda 1 ming 600 gektar maydonga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish belgilangan.
Deputatlar oʻrganish davomida urugʻliklarni laboratoriyadan oʻtkazish, ekinboplik sifatlarini aniqlash va reyestr yuritish tartibi, shuningdek, urugʻliklarni yetishtirish, tayyorlash, ishlov berish, saqlash va ulardan foydalanish holatlarini ham koʻzdan kechirdi.
Oʻrganishlar davom etmoqda.
«Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring