Qoʻmita majlisida Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida ushlab berish toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi Qonun muhokama qilindi
Joriy yilning 3-fevral kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Hukumati oʻrtasida ushlab berish toʻgʻrisidagi Bitimni (Samarqand, 2025-yil 26-avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Muhokamada senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari aʼzolari, masʼul vazirlik va idoralar vakillari, huquqshunoslar, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, mazkur Bitimda jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish yoki ularga nisbatan chiqarilgan hukmni ijro etish maqsadida ushlab berish tartibi, asoslari va shartlari belgilab berilgan.
Majlisda ushbu Bitimning huquqiy ahamiyati, iqtisodiy va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi oʻrni, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirishdagi roli muhokama qilindi.
Senatorlarning taʼkidlashicha, mazkur Qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasining transmilliy jinoyatchilik, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorligini mustahkamlaydi, shuningdek milliy xavfsizlik va inson huquqlari oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlaydi.
Muhokama yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring