Qishloqda ishlashni tanlagan shifokor
Men 2003-yilda Samarqand davlat tibbiyot oliygohining Pediatriya fakultetini tamomlaganman. Oʻqishni bitirganimdan keyin Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Uzun” oilaviy shifokorlik punktiga ishga kirdim. Shundan buyon shu qishloqda xalqimiz salomatligi yoʻlida xizmat qilib kelmoqdaman.
Tibbiyot oliygohini bitirgan yosh mutaxassislardan koʻpchiligi yirik tibbiyot muassasalarida, zamonaviy klinikalarda ishlashni orzu qiladi. Qishloq shifokorlik punktida ishlashimga otam sababchi boʻlgan. Otam birinchi guruh nogironi edi. Oʻqishni tugatgach, shaharda ishlasammi, deb yurgan paytlarim otam:
“Bolam, bu yerda menga oʻxshagan odamlar koʻp. Qishlogʻingda odamlar shifokorsiz qiynalsa-yu, sen shaharda ishlasang, toʻgʻri boʻladimi? Shu yerga ham shifokorlar ishlashga kelyapti. Shular qatorida xizmat qilsang, xalqqa koʻproq foydang tegadi” dedilar. Shu bilan “Uzun” oilaviy shifokorlik punktida ish boshladim.
U paytda punktimiz 5400 nafar aholiga xizmat koʻrsatardi. Yillar oʻtib aholi soni koʻpaydi. Bugungi kunda qariyb 8600 nafar fuqaroga tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqdamiz. Ishga kirgan ilk kunlarim hamshiralar paxta chopiqqa chiqib ketishgan ekan. Kun davomida bor-yoʻgʻi bitta bemor murojaat qildi. Shunda qishloqlarda tibbiy xizmatga odamlarning ishonchini oshirish uchun hali koʻp ishlar qilish kerakligini angladim. Oilaviy shifokorlik punktida laboratoriya tahlillari oʻtkazilishi, zarur dori-darmonlar berilishi, turli muolajalar amalga oshirilishi haqida odamlarga tushuntirdik. Patronaj hamshiralar bilan birga xonadonma-xonadon yurib, emlashning ahamiyatini, profilaktikaning foydasini tushuntirdik.

Natijada aholining oilaviy shifokorlik punktiga boʻlgan ishonchi asta-sekin ortib bordi. Natijada aholi avvalgidek darhol katta shifoxonalarga emas, avvalo birlamchi tibbiyotga murojaat qiladigan boʻldi. Hozirgi kunda “Uzun” oilaviy shifokorlik punktida 26 nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. Biz Uzun va Uchtepa mahallalari aholisiga xizmat koʻrsatib kelmoqdamiz.
Soʻnggi yillarda tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar qishloq tibbiyotida ham katta oʻzgarishlar qildi. Ayniqsa, tibbiyot brigadalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirdi. Ilgari mingta oilaga bitta patronaj hamshira xizmat koʻrsatardi. Bugun esa toʻrt nafar mutaxassisdan iborat tibbiyot brigadasi aholi salomatligini nazorat qilib bormoqda. Davlatimiz tomonidan dispanser nazoratidagi bemorlar, homilador ayollar, oʻsmirlar va bir yoshgacha boʻlgan bolalar uchun bepul dori-darmonlar ajratilayotgani ham tibbiy xizmat samaradorligini oshirmoqda. Avvallari homilador ayollarga retsept yozib bersak, baʼzan dorini topolmasdik. Natijada kasallik asoratlari kuchayib ketardi. Hozir esa homilador ayol murojaat qilgan zahoti kasalligiga mos dori vositalari bepul beriladi. Homilador ayollar bilan olib borilayotgan muntazam patronaj ishlari natijasida ekstragenital kasalliklarning ogʻir asoratlari ham oldi olinmoqda. Xususan, soʻnggi oʻn yil davomida hududimizda homilador ayollar oʻrtasida jiddiy asoratlar kuzatilmagani bizni quvontiradi. Bugun aholimiz salomatlik guruhlariga ajratilgan holda nazorat qilinadi. Toʻrtta guruh boʻyicha sogʻlomlashtirish ishlarini olib boryapmiz. Ayniqsa, uchinchi va toʻrtinchi guruhga kiruvchi bemorlar davlat tomonidan ajratilayotgan bepul dori-darmonlar bilan taʼminlanmoqda. Bugun tibbiyot sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor tufayli hatto chekka qishloqlarda ham tibbiy xizmat sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida aholining birlamchi tibbiyotga boʻlgan ishonchi tobora ortib bormoqda.
Guljahon SAFAROVA
Oqdaryo tumanidagi “Uzun” oilaviy shifokorlik punkti mudiri,
“Sogʻlom turmush” medali sohibasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring