Qishloq xoʻjaligi texnikalari yangilanmoqda

10:11 16 Aprel 2020 Iqtisodiyot
2119 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yilning 8-aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirishga bagʻishlangan videoselektor koʻrinishidagi yigʻilishda aholini sifatli va arzon oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash yuzasidan aniq choralar belgilandi.

Unda davlatimiz rahbari paxta hosildorligini gektariga 10 foizga, gʻalla hosildorligini gektariga 20 foizga oshirish, yangi bogʻ va tokzorlar orasiga sabzavot ekinlari ekib, yerdan unumli foydalanish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.

Prezidentimizning ushbu tashabbusi samarqandlik dehqonlarni ham ruhlantirib yubordi. Gʻalla va paxtadan moʻl hosil yetishtirish, mavjud agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish orqali erishiladi. Buni dildan his etgan klaster korxonalari hamda fermerlar mahsulot yetishtirishda innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish bilan birgalikda ilgʻor xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnika vositalarini jalb etishga alohida eʼtibor qaratishmoqda.

Shu maqsadda viloyatda qishloq xoʻjalik sohasini tubdan isloh qilish, sohani texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, ilm fan va innovatsiyani joriy qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Birgina Kattaqoʻrgʻon tumanida oʻtgan yildan boshlab sohani texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, ilm-fan va innovatsion gʻoyalarni joriy etish borasida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Soha rivoji uchun 19 ta zamonaviy pnevma seyalka, 32 ta kultivator, 10 ta haydov, 20 ta chopiq traktorlari olib kelinib, qishloq xoʻjalik texnikalarining 15-20 foizi yangilangan edi.

2020-yil hosili uchun chigit ekishni qisqa muddatda va sifatli yakunlash uchun, Turkiya davlatidan “Amina gold” MCHJ klasteriga 69 dona, “Kattaqoʻrgʻon klaster” MCHJ tomonidan 18 dona, fermer xoʻjaliklari uchun 8 dona, jami 99 dona zamonaviy pnevma seyalkalar keltirildi. Texnika parkini yangilash maqsadida 35 ta yuqori unumli traktor keltirildi. Shuningdek, “Kattaqoʻrgʻon gold” MCHJ tomonidan qoʻshimcha ravishda yana 12 dona pnevmo seyalkalar keltirilishi rejalashtirilgan.

2020-yilda 10 ming 974 gektar maydonda paxta yetishtirishni rejalashtirgan tuman dehqonlari bu yil toʻliq tuksizlantirilgan chigit ekmoqda. Hozirga qadar ekiladigan urugʻlik chigit toʻliq tuksizlantirilib, Germaniyada ishlab chiqarilgan dori vositalari bilan ishlov berilmoqda. Har gektar yerga 100 kilogrammdan kaliy, 200 kilogrammdan 46 foizli fosfor bilan kimyoviy ishlov berilyapti.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер