Qishda ham yozdagidek serobchilik
Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanidagi “Qum” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 3 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalladagi 882 xonadonning har birida oʻrtacha 6 sotixdan tomorqasi bor. Shu mahallada yashovchi Qahramon Komilovning kasbi novvoychilik. Erta tongdan oilasi bilan qishloq ahli dasturxoni-yu qoʻshni Qoʻqon shahar savdo doʻkonlariga tandirdan uzilgan issiq non — rizq-roʻz yetkazib beradi. Shu bilan birga tomorqasida issiqxona tashkil etgan.
— Shu moʻjazgina issiqxonamizdan yil davomida 3-marta hosil olamiz. Bodring, qalampir, bulgʻor qalampiri va pomidorni bozorga peshma-pesh yetkazib beramiz. Yaxshi niyat va halol mehnat tufayli xonadonimizdan baraka arimaydi, — deydi Q. Komilov.
Ulugʻbek Karimov xonadonidagi issiqxonada esa rediska yetishtirilmoqda. Xonadon sohibasi Dilshoda Karimovaning taʼkidlashicha, bodring, kashnich va rediska kabi ekinlarni almashlab ekish orqali yil davomida qoʻshimcha 70 mln. soʻmdan ziyod sof foydaga ega boʻlmoqdalar.
— Mahallada 35 gektardan ziyod tomorqa maydoni mavjud. Shundan 20 gektarida 160 ga yaqin issiqxonalar tashkil etilgan, — deydi “Qum” MFY raisi Shavkat Ergashev. — Mahallamizdagi tomorqalarida qishda ham yozdagidek serobchilikni koʻrasiz.
Aytganday, yangi yilda ushbu mahallada yana 30 dan ortiq oila tomorqasida issiqxona barpo etishni rejalashtirib turibdi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring