Qishda ham ochiq maydonda rediska yetishtirsa boʻladi

14:14 28 Mart 2022 Jamiyat
1152 0

Foto: Халқ сўзи

Andijon tumanidagi «Zavroq» mahalla fuqarolar yigʻini aholisi tomorqa dehqonchiligida oʻziga xos tajribaga ega. Kimdir qish-qirovli kunlarda ham bozorga qirmizi pomidorni sotish uchun olib chiqsa, boshqasi barra bodringlarni xaridorlarga uzluksiz yetkazadi. Qishloqning Sogʻlom avlod koʻchasidagi 101 ta xonadon egalarining barchasi aynan xushxoʻr sabzavot - rediska yetishtirishda peshqadam. Ayniqsa, ulardan biri, omilkor Baxtiyor Sattorov ayni qish pallasida ham rediskani issiqxonada emas, ochiq maydonda parvarishlaydi.

— 4 sotix maydonda issiqxonam bor, — deydi Baxtiyor Sattorov. — 20 yildan buyon rediska yetishtirish bilan shugʻullanaman. Bu oilamizning asosiy daromad manbaiga aylangan. Yanvar oyida yerga rediska urugʻini qadagan boʻlsam, mart oyining oʻrtalarida hosilni yigʻishga kirishdim. Nasib qilsa, may oyigacha hosil yigʻamiz endi. Hozir bozorga har ikki kunda bir marta rediska chiqaryapmiz. May oyidan boshlab loviya ekaman. Ochigʻi, hech qayerda ishlamayman. Asosiy daromadim tomorqamdan. Shuning ortidan 3 farzandni voyaga yetkazdik, uyli-joyli qildik. Yangi uylar quryapman...

Oʻnta savolimizga bir javob qaytaradigan, kamtar va kamsuqum tomorqa egasidan qanday qilib qishning chillasida ham ochiq maydonda dehqonchilik qilish mumkinligi haqida soʻradik.

— Rediska sovuqqa chidamli oʻsimliklar sirasiga kiradi, — deydi u. — Minus 10 daraja sovuqqa ham bemalol chidaydi. Bu yil qish ancha iliq keldi. Shu bois ekinni issiqxonada parvarishlashga hojat qolmadi. Bor gap shu!

Tomorqachi kaftdek yerdan katta daromad olishning sirini bilmogʻi kerak. Shundagina baraka topadi. Buning uchun esa yer bilan, ekin bilan tillashish lozim. Qolaversa, iqtisodiy jihatdan ham tejamkorlik zarar qilmaydi. Xuddi shunday, Baxtiyor aka bu yilgi qishning iliq kelganidan foydalangan holda issiqxona uchun zarur boʻladigan plyonka va isitish vositasi uchun sarflanadigan mablagʻni iqtisod qilib qoldi. Bu esa oilaviy byudjet uchun ayni muddao boʻldi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер