Qibraydagi 417-uchastka saylov komissiyasi raisi vazifasidan ozod etildi? Nega?
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qibray tumanidagi 417-saylov uchastkasi faoliyatida amaldagi qonunchilikka zid holat mavjudligiga doir axborot tarqaldi.
Bu haqda Xalqaro Matbuot markazi Toshkent viloyati boʻlimi rasmiy munosabat bildirdi:
“Gap shundaki, xalq deputatlari Qibray tuman kengashiga tumandagi 9-saylov okrugidan Oʻzbekiston Liberal Demokratik partiyasi tomonidan nomzodi koʻrsatilgan Dilfuza Rahimova ayni paytda 4-umumtaʼlim maktabi direktori sifatida faoliyat yuritadi. Bu maktabda 417-saylov uchastkasi joylashgan boʻlib, bevosita D. Rahimovaning qoʻl ostidagi xodimi Shoira Abdurazzoqova mazkur uchastka saylov komissiyasi raisi sifatida faoliyat yuritib kelgan. Holbuki, mazkur nomzod uchun ham aynan shu uchastkada saylov oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 25-moddasida saylov komissiyasi aʼzolariga qoʻyiladigan talablar belgilangan boʻlib, boshqa saylov komissiyalarining aʼzolari, siyosiy partiyaning aʼzolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Xalqaro Matbuot markazi viloyat boʻlimi mazkur uchastkani tashkil etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 97-“Qibray” okrug saylov komissiyasi raisi Abdurahim Nurmurodov bilan bogʻlanib, eʼtirozli vaziyatni oʻrgandi.
Chindan ham, 417-saylov uchastkasi tumandagi 4-umumtaʼlim maktabi binosida joylashgan va uchastka saylov komissiyasi raisi Sh. Abdurazzoqova 4-umumtaʼlim maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlashi fakti tasdiqlangan. Ayni paytda 97-“Qibray” saylov okrugi raisining qarori bilan Sh. Abdurazzoqova 417-uchastka saylov komissiyasi raisi vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, u mazkur uchastka saylov komissiyasi aʼzoligidan ham chiqarildi. Uning oʻrniga Xalq deputatlari tuman kengashi tavsiyasiga asosan, tumandagi 9-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi rahbari N. Magdaliyeva mazkur uchastka saylov komissiyasi raisi vazifasiga tasdiqlandi“.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring