Qashqadaryoda tuman va shahar saylov komissiyalari tuzildi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo viloyat hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan majlisda tuman va shahar saylov komissiyalarini tuzish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Maʼlumki, saylov kodeksining 19-moddasiga koʻra, tuman, shahar saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Shunga koʻra, Qashqadaryo viloyatining 2 shahar va 14 tuman Kengashi tomonidan tuman va shahar saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar tarkibi shakllantirilib, tasdiqlash uchun viloyat hududiy saylov komissiyasiga taqdim etilgan.
— Majlisda har bir nomzod aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan, oʻtgan saylovlarda tajribasi bor, fidoyi, tashkilotchi rahbarlar va faollar orasidan saralab olingani qayd etildi, — deydi hududiy saylov komissiyasi aʼzosi Adiba Shaymanova. — Hududiy saylov komissiyasi nomzodlarni koʻrib chiqib, ularni tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Majlisda tuman va shahar saylov komissiyalarining vazifalari va vakolatlari haqida batafsil tushunchalar berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring