Qashqadaryoda tomorqachilarga artezian quduqlar qurib berilmoqda

11:13 31 May 2021 Iqtisodiyot
1141 0

Bu yilgi suv tanqisligi tomorqachilar uchun ham muammolar keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqalarida bir tomchi suvning qadri zar bilan teng boʻlmoqda. Shu bois Qashqadaryo viloyati fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi OʼzLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi bilan hamkorlikda Dehqonobod tumanidagi Beshbuloq MFY hududidagi suv taʼminoti ogʻir qishloqlarda boʻlishib, aholining tomorqalardan foydalanish ahvolini oʻrganishdi.

Beshbuloqdagi mashhur tomorqachilardan biri — Sayfulla Turdiyev oʻzining 6 sotix tomorqasini gullatib qoʻyibdi. 2 sotixdan ortiq issiqxonasida suv tanqisligi sharoitiga qaramasdan pomidor, bodring va turli koʻkatlar yetishtirmoqda. Bundan tashqari u qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan 8 sotix joyda ham bogʻ yaratib, daraxtlar ostida kartoshka va boshqa ekinlar parvarishlab, ichki bozor toʻkinligini taʼminlamoqda.

—Bizda oqar suvning oʻzi yoʻq, — deydi tomorqachi Sayfulla Turdiyev. —Aholi artezian quduqlardan foydalanadi. Menda artezian quduq yoʻq, qoʻni-qoʻshnilardan suvni qarzga olib ishlatyapman. Ishchi guruhi faoliyatimni oʻrganib, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qoshidagi jamgʻarma hisobidan artezian quduq qurish uchun 20 million soʻm 14 foizli kredit ajratishni aytishganida juda quvonib ketdim. Kredit foizining bir qismi jamgʻarma hisobidan qoplab berilishi esa biz tomorqachilar uchun katta imtiyozdir.

Shu hududda yashovchi Gullola Abdishukurova ham yaxshi tomorqachi. Hovlisidagi 6 sotix va uyi orqasidagi 8 sotix joyda bogʻ yaratib, daraxt ostida turli tuman poliz, sabzavot ekinlari parvarishlab kelmoqda. Oqar suv yoʻq sharoitda bogʻi yashnab turgan bunday tomorqachilar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlansa, albatta, ularning faoliyati yana-da yuksaladi.

— Ishchi guruhi menga ham artezian quduq qurish uchun 20 million soʻm 14 foizli kredit ajratishini aytishdi, — deydi Gullola Abdishukurova. — Albatta, oʻzimning artezian qudugʻim boʻlsa yaxshida, daromadim ikki baravar oshadi. El toʻkinchiligini taʼminlashga yana-da koʻproq hissa qoʻshaman. Hozirgi suv tanqisligiga qaramasdan 2 sotix issiqxonamda har tomchi suvning qadri yetib, pomidor, bodring yetishtiryapman. Bogʻlarim bogʻlarim koʻzni quvnatadi. Samarqanddan eng sara, payvandli olma, nok, olxoʻri daraxt koʻchatlarini olib kelib ekkanman. Nasib etsa, artezian quduqni qurib olsam, mendan oʻtadigan tomorqachi boʻlmaydi.

Dehqonobod tumanidagi mahallalarni oʻrganish jarayonida 15 nafar tomorqachiga Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari qoshidagi jamgʻarma mablagʻi hisobidan artezian quduq qurib berishga kelishib olindi.

Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер