Qashqadaryoda tarvuz eksporti boshlanyapti

17:28 14 May 2020 Iqtisodiyot
1439 0

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksportga rasmiylashtirish, bojxona sohasida yaratilgan qulayliklarni keng jamoatchilikka yetkazish va bu boradagi mavjud muammolarni oʻrganish hamda bartaraf etish yuzasidan joylarga borilib, tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur yoʻnalishdagi navbatdagi uchrashuv vohaning Chiroqchi tumani Oʻtamayli hududida oʻtkazilib, unda dehqon va tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvlari toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.

Eʼtirof etish kerak, Chiroqchi tumanida tarvuz yetishtirishning oʻziga xos maktabi yaratilgan. Tumanning mirishkor dehqonlari mamlakatimizda birinchilardan boʻlib tarvuz yetishtiradi. Shu yil ham anʼanani saqlab qolgan dehqonlar mamlakatimiz boʻylab tarvuz yetkazishni boshlab yuborgan.

Tumandagi “Nurimov Doʻstmurod” fermer xoʻjaligi vakili Aliqul Jumanazarovning taʼkidlashicha, oʻtgan yili ular yetishtirgan 60 tonna tarvuz Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasiga eksport qilingan edi. Bu yil esa bu koʻrsatkichni 100 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va tomorqadan samarali foydalanishga qaratilayotgan eʼtibor sababli, hududda tarvuz yetishtirish hajmi va koʻlami yildan-yilga koʻpaymoqda. Bu yil viloyatda 100 ming tonna tarvuz yetishtirib, xorijga eksport qilish orqali chetdan koʻp miqdorda valyuta kiritish maqsad qilingan.

Darhaqiqat, oʻtkazilgan uchrashuv davomida ishtirokchilarga tarvuz eksporti boshlanishi munosabati bilan bojxona sohasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksportga rasmiylashtirishda yaratilgan qulaylik va yengilliklar, shuningdek bu borada bojxona xodimlari tomonidan koʻrsatilayotgan amaliy yordamlar toʻgʻrisida ham batafsil maʼlumotlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер