Qashqadaryoda qovun pishdi
Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyati dehqon va fermerlari, qolaversa, tomorqa egalari meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini yetishtirishga katta ahamiyat qaratishmoqda.
Bu borada Chiroqchi tumanida lalmi maydonlardan qoʻshimcha yerlar oʻzlashtirilib, sugʻorish uchun artizan quduqlar qazilyapti.
Eʼtiborlisi, dehqon va masʼul idoralarning izlanishlari natijasida mahsulotlarni xalqimiz dasturxoniga ertaroq taqdim etishga ham erishilmoqda.
Vohada may oyining boshida tarvuz pishgan boʻlsa, endilikda qovun ham pishdi.
Ayni kunda taʼmi tilyorar va xaridorgir qovunlar tumanning Oʻtamayli hududida yetishtirilmoqda. Pishib meʼyoriga kelganlari peshma-pesh isteʼmolchilarga yetkazilayotir.
— Oilamizga tegishli tomorqaning har bir qarich yeridan unumli foydalanamiz — deydi oʻtamaylilik tomorqa egasi Rufat Boʻriyev. — Uch yildan beri qovun yetishtirish sirlarini oʻzlashtirmoqdaman. Yildan-yilga ekin maydonini kengaytirib, mahsulot yetishtirish hajmini oshiryapmiz. Kelgusidagi maqsadimiz chetga qovun eksportini yoʻlga qoʻyish. Bu yil tomorqamizga ertapishar qovunning “Dakara” navini ekkanmiz, hosil koʻrganingizdek may oyining boshida tayyor boʻldi.
Usta dehqonlarning bildirishicha, tumanda yilning fevral oyidanoq qovun parvarishiga kirishiladi. Bunda asosan “Jiyan”, “Torpedo”, “Aeroport” kabi eksport talabiga javob beradigan navlar tanlanadi.
Avvaliga urugʻlar maxsus idishlarga ekilib, issiqxona sharoitida oʻstirib olinadi. Boʻyi meʼyoriga yetgan koʻchatlar keng maydonga plyonka ostiga ekib chiqiladi. Kunlar isishi bilan palaklar baravj rivojlanishi uchun nihollar usti ochiladi. Bu usulni qoʻllash orqali erta hosil olish imkoniyati oshadi.
Viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari ushbu hududda boʻlib, fermer va tomorqa egalariga yurtimizda tadbirkorlik sohasiga keng imkoniyatlar yaratilganligi, shuningdek, mahsulotlarni eksportga rasmiylashtirishda bojxonada yaratilgan qulayliklar toʻgʻrisida tushuntirishlar berib, bu kabi imkoniyatlardan oʻz vaqtida va samarali foydalanish nafaqat tadbirkorning oʻziga, balki davlatimiz iqtisodiyotini yana-da rivojlantirishga hissa qoʻshishi yuzasidan fikr almashishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring