Qashqadaryoda enaganing eri bir yashar qizaloqni urib oʻldirdi

16:44 01 Avgust 2024 Jamiyat
484 0

Illyustrativ foto

Qashqadaryo viloyatida 23 yoshli erkak ayoli enagalik qilayotgan bir yashar qizaloqni urib oʻldirdi. Bu haqda “Xalq soʻzi”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Bildirilishicha, RSHTYOIM Qashqadaryo filiali shifokori joriy yilning 21-iyul kuni Qarshi shahar 2-sonli IIB navbatchilik qismiga shu kuni soat 12:00 larda er-xotinlar T.A. (ayol) va 23 yoshli N.S. (erkak) tomonidan 2023-yilda tugʻilgan qizaloq oʻlik holatda olib kelinganini maʼlum qilgan. Ular koʻrik vaqtida shifokorga qizcha “kolyaska”dan yiqilib tushib, tan jarohati olganini aytgan.

Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, 20-iyul kuni qiz tushlik vaqtida kiyimiga hojatini chiqargani sababli N.S. qoʻlining mushti bilan uning koʻkrak qafasi va qorin sohasiga bir necha marotaba urib, uni qasddan oʻldirgan. U oʻzining jinoiy qilmishini yashirish maqsadida goʻyoki kolyaskadan yiqilib tushgani haqidagi vaj bilan qizni shifoxonaga olib borgan.

“Holat yuzasidan 22-iyul kuni Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan N.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan”, deydi Shamsutdinov.

Qoʻshimcha qilinishicha, gumonlanuvchi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер