Qarzdorlikni undirishda faol ish olib borilmoqda

18:27 23 Noyabr 2023 Jamiyat
249 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Maʼlumki, davlatimizning iqtisodiy tayanchlaridan biri biz toʻlayotgan soliq va boshqa turdagi majburiy toʻlovlardir. Shu bois ularga doir qarzdorliklarning oshib ketishi davlat byudjeti hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar moliyaviy faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu bois Andijon viloyatida Majburiy ijro byurosi hamda soliq idoralari xodimlari tomonidan mavjud qarzdorlikni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

Natijada yilning oʻtgan davri mobaynida 1 trillion soʻmdan ziyod qarzdorlikni soʻndirishga erishildi. Bu boradagi saʼy-harakatlar Buloqboshi tumanida ham namunali yoʻlga qoʻyilgan. Oʻrganish ishlari davomida tumandagi 632 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlarning 741 million soʻmlik qarzlari mavjudligi aniqlandi.

— Buloqboshi tumanida faoliyat olib borayotgan 632 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlarning 741 mln. soʻm miqdoridagi soliq qarzlari mavjud, - deydi MIB Andijon viloyat boshqarmasi xodimi Oyistaxon Abdurahmonova. — Ularni undirish boʻyicha joylarga chiqilib, ijro harakatlari olib borilmoqda. Natijada, tadbirkor Mirzaxalil Muhammadazizov 12 mln. 175 ming soʻmdan iborat soliq toʻlovini oʻz vaqtida toʻlamagani bois savdo doʻkoni xatlab qoʻyildi. Shundan soʻng tadbirkor toʻlovni amalga oshirdi va doʻkonda savdo faoliyatini davom ettirishiga ruxsat berildi.

Faoliyat doirasida banklar foydasiga kredit qarzdorliklarini undirish boʻyicha ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Ijro hujjatiga koʻra, Milliy bank foydasiga 1,5 mlrd. soʻmdan ziyod kredit qarzdorligini undirish va undiruvni garovdagi mulklarga qaratish belgilangan. Byuroning Buloqboshi tuman boʻlimi xodimlari qarzdor jamiyatga tegishli binoni koʻzdan kechirib, qarzdor vakillari bilan suhbat jarayonida kredit qarzdorligini bartaraf etish yuzasidan tushuntirish ishlarini ham olib bordilar.

Aytish joiz, birgina noyabr oyining oʻzida 162 nafar qarzdorning 11 mlrd. soʻmdan ortiq mol-mulki xatlanib, shundan 7,8 mlrd. soʻmlik mol-mulklar elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarildi.

Bu kabi saʼy-harakatlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер