“Qanotchi” restorani eksperiment edi - Poytaxt hokimligi restoran ishga tushgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda "Qanotchi" restorani odatiy tartibda ishga tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlarga Toshkent shahar hokimligi munosabat bildirdi.
Taʼkidlanishicha, "Qanotchi" restorani tajriba tariqasida ishga tushirilgan.
Bu Toshkent shahridagi maskanlar bosqichma-bosqich ochilishi uchun chora-tadbirlar tartibini ishlab chiqish uchun zarur boʻlgan. Ayni vaqtda eksperiment yakuniga yetgan, restoran yopilgan.
“SEOM, IIBB va Toshkent shahar hokimligining umumiy xulosasiga asosan, shahar umumiy ovqatlanish maskanlarining ochilishi uchun choralar rejasi hamda reglamenti ishlab chiqiladi.
Eksperiment doirasida "Qanotchi" restorani maʼmuriyati oʻz hisobidan ovqatlanish zalini SEOM meʼyorlari asosida jihozlab, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirdi va mehmonlarni zalda joylashtirish, ularga xizmat koʻrsatish va kiritish boʻyicha barcha belgilangan choralarni ishlab chiqdi.
Batafsil foto- va videohisobot maxsus Komissiyaga qaror qabul qilish uchun taqdim qilinib, uning asosida umumiy ovqatlanish maskanlarini ishga tushirish tartibi belgilanadi.
Restoranning odatiy tartibda ishga tushgani haqida ommaga taqdim qilingan maʼlumot yuzasidan esa, notoʻgʻri axborot tarqatib poytaxt aholisiga yanglish maʼlumot berishda aybdorlar, qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi”, deyiladi munosabatda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring