Qalbaki aksiz markali alkogol va tamaki mahsulotlarining savdosi bilan shugʻullangan shaxslar fosh etildi
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Qalbaki aksiz markali alkogol va aksiz markasiz tamaki mahsulotlarining savdosi bilan bogʻliq qonunbuzarlik holatlari Fargʻona, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida fosh etildi. Bu haqda Departamentining matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Quvasoy shahri, Qumqoʻrgʻon va Bogʻot tumani boʻlimlari ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirlar natijasida qator tadbirkorlik subyektlarining noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyildi.
Xususan, “Sh.I.” va “S.A.” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari hamda “R.X.” oilaviy korxonasiga qarashli savdo nuqtalaridan turli nomdagi jami 1 851 dona qalbaki aksiz markali alkogol va aksiz markasiz tamaki mahsulotlari aniqlandi. Barcha noqonuniy tovarlar ashyoviy dalil sifatida olindi va hozirda maxsus tartibda saqlanmoqda.
Qonunbuzarlik holatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi. Aybdor shaxslarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring