Propiska, YEOII bilan hamkorlik va boshqa dolzarb masalalar: Senatning 4-yalpi majlisi kun tartibi qanday?

18:17 10 May 2020 Siyosat
1434 0

Ertaga Senatning toʻrtinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtishi haqida xabar bergan edik.
Unda kun tartibiga kiritilgan 20 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

Xususan, “Salomatlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi, “Sogʻlom turmush” medalini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi, “Faxriy murabbiy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi yangi qonunlar ham muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi”gi, “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlar koʻrib chiqiladi.

Shuningdek, senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqiladi.

Yalpi majlisda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 2020-yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining, qolaversa, Ombudsman, Hisob palatasi, Bosh prokuror va Markaziy bank boshqaruvi raisining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari eshitiladi.

Shuningdek, hokimlar tomonidan qarorlar qabul qilinishida qonun hujjatlariga rioya etilishi holati yuzasidan Hukumatga parlament soʻrovi yuborish masalasi kiritilgan.

Yalpi majlisida kun tartibidagi boshqa qator masalalar koʻrib chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер