Prokuratura xodimlari talabalar bilan birgalikda koʻchat ekishdi
Yoshlarning tashabbus va takliflarini ragʻbatlantirish, ularning bandligi, uy-joy taʼminoti hamda boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga doir bajarilayotgan ishlar, kasb egallashga boʻlgan talablari, murojaatlari bilan tanishish, mavjud kamchilik va muammolarga yechim topish, shuningdek, talabalarning ona tabiatga mehrini oshirish maqsadida Toshkent shahar prokuraturasi hamda Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi Toshkent shahar kengashi tomonidan Farmatsevtika institutida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir 50 nafar koʻngilli yoshlar ishtirokidagi “Bir million daraxt” aksiyasi doirasida institut joylashgan Mirobod tumani Oybek koʻchasidagi boʻsh maydonlarga yangi 100 tup koʻchatni ekishdan boshlandi. Bu jarayonda shahar prokuratura xodimlari daraxt oʻtkazish ishlarini talabalar bilan birgalikda olib borib, namuna misolida oʻzlari nihollarni ekib, koʻrsatishdi.
Yoshlar bilan uchrashuv yakunlangach, Prokuratura xodimlari hamda Yoshlar Ittifoqining faol aʼzolari Mirobod tumani 2-sonli Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida voleybol boʻyicha umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Prokuror kubogi” sport musobaqasi tomon yoʻl olishdi.
Bellashuv tumandagi 125-sonli maktab oʻquvchilari uchinchi, 94-maktab oʻquvchilari ikkinchi va 294-sonli maktab oʻquvchilari esa faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi. Tadbir yakunida Toshkent shahar prokurori oʻrinbosari E.Inomjonov hamda tumanning toʻrt sektor rahbarlari tomonidan gʻoliblarga medallar, diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Diyoraxon Nabijonova
OʻzJOKU talabasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring