Prezidentlar Texnoparkdagi mahsulotlarni koʻzdan kechirdi
Foto: president.uz
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan ushbu sanoat majmuasida umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda shundan 13 tasi ishga tushgan boʻlib, elektron gaz hisoblagich, muzlatgich, sanoat konditsionerlari va sovitish tizimlari, lift va eskalatorlar, suv nasoslari, eshik va deraza romlari uchun aksessuarlar yasalmoqda.
Bu yil izolyatsiya mahsulotlari, suv isitish uskunalari, oshxona texnikasi korxonalari hamda logistika markazi ishga tushiriladi.
Tojikistonlik mehmonlarga Texnoparkda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning afzalliklari haqida soʻzlab berildi.
Bu tovarlar xorijiy brendlar nomida va ularning nazorati ostida tayyorlanishi bois xaridorgir. Sifat va narx mutanosibligi bilan qoʻshni mamlakatlar bozoridan ham oʻrin egallamoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki davlatning turdosh muassasalari rahbarlariga oʻzaro yaqindan ishlab, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasi va savdoni kengaytirish zarurligini taʼkidladi.
Mamlakatimizning sanoat salohiyati, mahsulotlarning keng assortimenti va sifati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring