Prezident “Junariq” kanalidagi koʻprik ikki oy taʼmirlanmay yotganini tanqid qildi

14:21 13 Mart 2026 Siyosat
288 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar odamlarning davlatga boʻlgan ishonchiga putur yetkazayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Oʻtgan yili Xalq qabulxonalariga hokimlarning oʻzi rahbar qilib tayinlangandi. Qoraqalpogʻiston, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm, Sirdaryoda rahbarlarning oʻzi shugʻullangani uchun hududidagi murojaatlar 25-30 foizga kamaygani, aholi koʻtargan masalalarning 60-70 foizi ijobiy hal boʻlayotgani taʼkidlandi. Lekin qolgan hokimlar va ayrim vazirlar hali bu borada keskin oʻzgarish qilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, Toshkent shahrida 170 ming va Toshkent viloyatida 110 ming murojaatning yarmidan koʻpi yechimini topmagan. Surxondaryo, Samarqand, Toshkent shahrida takroriy murojaatlar koʻpaygan.

Misol uchun, fuqaro yanvar oyida maktab oʻquvchisi Sergelidan oqib oʻtadigan “Junariq” kanaliga tushib ketganini aytib, buzilgan koʻprikni qayta tiklashni soʻragan. Bu masalaga ikki oy davomida birorta masʼul eʼtibor qaratmagan, murojaatga yuzaki javob berilgan.

Holat ijtimoiy tarmoqda tarqalganidan keyingina mablagʻ ham topilgan, koʻprik ham qurilgan. Murojaatlar bilan ishlashdagi bunday kamchiliklar odamlarning davlatga boʻlgan ishonchiga putur yetkazayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Xalq qabulxonalariga kelayotgan murojaatlarning katta qismi Ichki ishlar (148 ming), Majburiy ijro byurosi (134 ming), Energetika (88 ming), Bandlik (60 ming) va Sogʻliqni saqlash vazirligiga (56 ming) tegishli ekani qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер