Prezident Romitan tumanidagi Qahramon mahallasidagi xonadonlardan birida mehmon boʻldi
Davlatimiz rahbari Buxoro viloyati Romitan tumanidagi Qahramon mahallasida boʻlib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishdi.
Bu yerda 3 ming 900 nafarga yaqin aholi yashaydi. Mahallaning drayveri hunarmandlik va issiqxona xoʻjaligi deyish mumkin. 200 gektar maydondagi issiqxonalarda bozorbop sabzavotlar yetishtirib sotiladi. Shuningdek, mebelsozlik, tikuvchilik, zardoʻzlik yaxshi rivojlangan.
Prezidentimiz shu yerlik Halil Qobilov va Gulbahor Toʻxtayevalar xonadonida boʻldi. Qoʻni-qoʻshnilar, oqsoqollar yigʻilib, samimiy davra qurildi.
Mahalla raisi hududdagi oʻzgarishlar, odamlar hayoti haqida soʻzlab berdi.
Mahallada oʻndan ortiq savdo doʻkoni, tikuvchilik ustaxonalari, mehmonxona va restoranlar bor. Ularda mahalliy yoshlar ishlab, daromad topmoqda. Umuman aytganda, mahallada ishsiz odam yoʻq, oʻtgan davrda bironta jinoyat sodir etilmagan.
“Obod mahalla” dasturi asosida infratuzilma yaxshilangan. Xususan, ichki yoʻllar asfaltlanib, piyodalar yoʻlaklari qurilgan. Transformator oʻrnatilib, elektr tarmoqlari yangilangan.
— Odamlarga nima kuch beradi? Islohotlar natijasini oʻz hayotida koʻrish. Bugun odamlarimiz shunday ruh bilan ertangi kunga intilyapti. Harakat qilgan oilaning biri ikki boʻlyapti. Xalqimiz bizga katta ishonch bildirdi. Yanada oʻzgarishlarni, yangi tashabbuslarni kutyapti. Bu juda yuksak masʼuliyat, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda nuroniylar yoshlar tarbiyasi, tuman rivoji boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring