Prezident bugun insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirayotganini taʼkidladi
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Prezident bugun insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirayotganini taʼkidladi.
Yer yuzidagi iqlimning keskin oʻzgarishi, suv va tabiiy resurslar kamayishi bilan bogʻliq muammolar katta xatarlarga aylanmoqda. Xalqaro munosabatlarda oʻzaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning ortishi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda.
Afsuski, bunday xavf-xatarlar bizni ham chetlab oʻtmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
“Qoraqalpogʻistonda sodir boʻlgan noxush voqealar xalqimizni qattiq qaygʻuga soldi. Xudoga shukur, koʻp millatli xalqimizning oqilligi va donishmandligi bilan vaziyat tezda izga tushdi”, - dedi Prezidentimiz.
“Biz uchun «Qoraqalpogʻiston yutugʻi – butun Oʻzbekiston yutugʻi, Qoraqalpogʻiston tashvishi – butun Oʻzbekiston tashvishi”, degan gʻoya hamisha amaliy harakat dasturi boʻlib kelgan va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi!
Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi Oʻzbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpogʻistonni bunyod etishdir.
Asrlar davomida et va tirnoq kabi bir boʻlib ketgan xalqlarimiz doʻstligiga, hech qanday kuch taʼsir koʻrsata olmaydi. Chunki, bizning oʻtmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir!
Jonajon Vatanimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlashga har tomonlama qodirmiz.
Tinch va osoyishta hayotimizni asrab, mustaqilligimizni mustahkamlab, barqaror taraqqiyot yoʻlimizdan jadal davom etamiz!», - dedi Prezident.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring