Pokiston kompaniyalari Fargʻonaga investitsiya kiritishni istiqbolli hisoblaydi
Foto: Халқ сўзи
Ayni kunlarda ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada yaxshilash maqsadida Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Ergashev Pokiston Islom Respublikasida boʻlib turibdi.
Tashrif doirasida Laxor shahrida pokistonlik yirik ishbilarmonlar bilan amaliy muzokaralar olib borildi. Xususan, Pokistonning qurilish sohasida 40 yillik tajribaga ega “Kingcrete” xolding kompaniyasi asoschilari bilan uchrashuvda Fargʻona viloyati qurilish sohasiga investitsiya kiritish masalasi muhokama qilindi. Natijada “Kingcrete” xoldingi bilan Fargʻona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar va boshqa loyihalar uchun 20 mln. dollar investitsiya kiritish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bugungi kunda umumiy aktivlari qiymati 10 mlrd. dollardan ziyod boʻlgan “Nishat Group” xoldingi asoschisi Mian Muhammad Mansha bilan suhbatda Fargʻona viloyatida yuqori markali sement ishlab chiqarish, aralashma ipli mato zavodini qurish, xususiy bank ochish va 4-5 yulduzli mehmonxonalar qurish loyihalari koʻrib chiqildi. Ushbu xolding tekstil, toʻqimachilik, bank ishi, energetika sohasi, mehmonxona biznesini qamrab olgan boʻlib, AQSH, Xitoy, Kanada, BAA, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda 23 ta kompaniyalari faoliyat koʻrsatadi.
Shuningdek, Pokistonning yuz turdan ortiq dori vositalari ishlab chiqaruvchi “Biz Pharmaceutical”, axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga ixtisoslashgan “Strategic Advisory Partners” kompaniyalari rahbarlari bilan ham oʻtgan uchrashuvlarda oʻzaro hamkorlik istiqbolini taʼminlash boʻyicha dastlabki qadamlar tashlandi.
Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari 2-mart kuni Islomobod shahrida oʻtkaziladigan Oʻzbekiston-Pokiston biznes-forumi hamda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Pokiston Hukumatlararo komissiyasining yigʻilishida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring