Poytaxtda sifatsiz alkogol sotayotgan doʻkonlar fosh qilindi
Toshkent shahrida xorijda ishlab chiqarilgan aksiz markasiz alkogol mahsulotlarini sotuvga qoʻygan savdo doʻkonlari fosh qilindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti maʼlum qildi.
Bildirilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbir davomida Mirobod tumanida faoliyat yurituvchi “A.” MCHJ savdo doʻkonida umumiy bahosi 246,8 million soʻmlik xorijda ishlab chiqarilgan jami 514 dona aksiz markasiz alkogol mahsulotlari sotuvga qoʻyilganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, “L.A.” MCHJ savdo doʻkoni sotuvchisi xaridorga xorijda ishlab chiqarilgan aksiz marka bilan yelimlanmagan alkogol mahsulotini 1,3 million soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu doʻkondan jami 431 dona alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring