PISA va PIRLSga tayyorgarlik boʻyicha Rossiya bilan hamkorlikda xalqaro vebinar oʻtkaziladi

14:44 22 Avgust 2020 Jamiyat
1880 0

Joriy yilning 24-25-avgust kunlari Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi va Rossiya Taʼlim strategiyalarini rivojlantirish instituti bilan hamkorlikda Jahon bankining READ dasturi doirasida “Xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish – inson kapitalini rivojlantirish omilidir” mavzusida onlayn vebinar oʻtkazilmoqda. Bu haqda Inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda ilk bora ishtirok etishga kirishar ekan, PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS dasturlarida koʻp yillardan buyon qatnashib, xalqaro reytinglarda oʻzining oʻrnini mustahkamlab borayotgan davlatlarning tajribalarini oʻrganishning ahamiyati beqiyosdir. Bu borada Rossiya Federatsiyasining ham oʻziga xos tajribasi mavjud.

Ushbu vebinarni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad, taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishda maktab oʻqituvchilarining malakasini oshirish, tajriba almashish, oʻquvchilarning oʻqish, matematik va tabiiy-ilmiy savodxonligi hamda kreativ fikrlash koʻnikmalarini baholash va rivojlantirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni oʻrganish uchun munosib sharoit yaratishdan iborat.

Eslatib oʻtish joizki, 2019-yil davomida Taʼlim inspeksiyasi tashabbusi bilan Xalq taʼlimi vazirligi, Rossiya taʼlim akademiyasi Taʼlimni rivojlantirish strategiyalari instituti bilan hamkorlikda Jahon bankining READ dasturi doirasida Moskva, Toshkent va Samarqand shaharlarida xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga moʻljallangan seminarlar tashkil etilib, unda 2800 dan ortiq tinglovchilar ishtirok etgan boʻlsa, 20 nafar maʼmuriy boshqaruv xodimlari, 260 nafar fan oʻqituvchilarning trenerlar sifatida malakasi oshirilgan edi. Mazkur vebinar ham oʻtgan yillardagi seminarlarning mantiqiy davomi hisoblanib, ishtirokchilarga yana-da koʻproq maʼlumotlar yetkazib berishga qaratilgan.

Avvallari oʻquvchilarning dars davomida oʻqitilgan bilimlarni qay darajada eslab qolganliklari baholangan boʻlsa, bugungi kunga kelib, ayniqsa, PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlari talablariga koʻra, oʻquvchilarning faqatgina qay darajada yaxshi xotiraga ega ekanliklari emas, balki egallagan bilimlarini real hayotiy vaziyatlarda qoʻllay olish, oʻqib tushunish, mulohaza yuritish, mantiqiy va ijodiy fikrlash, fikrlarini yozma bayon qilish qobiliyatlari baholanadi.

Bola yaxshi oʻqishi uchun yaxshi muhitda oʻsishi lozim. Taʼlim olish uchun oiladagi sharoitlar, mavjud kitoblar, yetarli darajada elektron resurslar mavjudligi, ota-onalarning maʼlumoti va oʻqishga boʻlgan ijobiy munosabatlari taʼsir etadi.

Oʻquvchilarning turli masalalar ustida matematik mulohaza yuritishi, muammoni yechishda matematik bilimlarni qoʻllay olishi va muammoning yechimidan real vaziyatni talqin qilish hamda baholashda foydalana olish qobiliyati “matematik savodxonlik”, shaxs oʻzining bilimi va salohiyatini rivojlantirish, jamiyatda oʻz oʻrnini topish maqsadiga erishish yoʻlida matnlarni tushunish, ulardan foydalanish, ular ustida mulohaza yuritish hamda munosabat bildirish qobiliyati “oʻqish savodxonligi” deb taʼriflansa, shaxsning tabiiy fanlarga oid gʻoyalarni bilishi, faol shaxs sifatida tabiiy fanlar bilan bogʻliq muammolarni hal qila olish qobiliyati “tabiiy-ilmiy savodxonlik” deyiladi. Shuningdek, kreativ fikrlash oʻquvchilarning turli gʻoyalarni yarata olish, gʻoyalar ustida mulohaza yuritish natijasida muammoning samarali, original hamda innovatsion yechimlarini topish qobiliyati demakdir.

Ushbu vebinar rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan ekan, bu davlatning xalqaro tadqiqotlarda uzoq yillardan beri uzluksiz ravishda qatnashib kelayotganligi, muayyan davr mobaynida oʻz taʼlim tizimida munosib taraqqiyotga erishayotgani, ayniqsa, PIRLS tadqiqoti reytingida eng yuqori oʻrinlarni egallab kelayotgani haqida eslatib oʻtish oʻrinlidir. Rossiya Federatsiyasi oʻquvchilarda amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish, oʻquvchilar va ota-onalarning oʻqishga boʻlgan ijobiy munosabati, kitobxonlikni rivojlantirish orqali oʻqish savodxonligini yaxshilashda ilgʻor tajribaga ega hisoblanadi.

Ikki kun davom etadigan ushbu vebinarda oʻquvchilarning oʻqish, matematik, tabiiy-ilmiy savodxonligi va kreativ fikrlash hamda matnni oʻqib tushunish darajalarini baholash va rivojlantirish omillari, taʼlim tizimidagi oʻzgarib borayotgan yondashuvlar haqida rossiyalik koʻp yillik tajriba ega xalqaro ekspertlar tomonidan qimmatli maʼlumotlar berib oʻtilishi koʻzda tutilgan.

Vebinar umumiy qamrovi va mazmuni jihatidan taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish, oʻtkazish jarayoniga masʼul xodimlar, umumtaʼlim muassasalari, ayniqsa xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan tayanch maktablar oʻqituvchilariga moʻljallangan boʻlib, vebinarning birinchi kunida aniq, tabiiy va filologiya fanlari hamda vebinarning ikkinchi kunida boshlangʻich taʼlimga bagʻishlangan maʼruzalar oʻrin olgan.

Ushbu vebinar oʻzbek va rus tillarida tashkil etilib, unda 1000 ga yaqin soha mutaxassislari, shu jumladan, maktab rahbarlari va oʻqituvchilari ishtirok etishi kutilmoqda.

Vebinar davomida beriladigan maʼlumotlar, XXI asrda taʼlim tizimiga qoʻyiladigan yangi va zamonaviy talablar haqida ishtirokchilarning tasavvurlarini yana-da boyitish, 2021-yildagi xalqaro PIRLS va 2022-yildagi PISA xalqaro tadqiqotlariga munosib tayyorgarlik koʻrish, shu orqali Oʻzbekistonda taʼlim sifatini yana-da yaxshilashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Eslatib oʻtamiz, Xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish konsepsiyasida 2030-yilga kelib Oʻzbekistonning PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro oʻquvchilarni baholash dasturi reytingi boʻyicha jahonning birinchi 30 ta ilgʻor davlatlari qatoriga kirishiga erishish belgilangan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер