Pensiyani tayinlash tartibi qanday?

15:41 04 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
10629 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasiga binoan “Har kim qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga ega” deb koʻrsatib oʻtilgan.

Oʻzbekiston Respublikasida davlat pensiya taʼminoti tizimi 1993 yil 3 sentyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda ushbu Qonun asosida ishlab chiqilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Mazkur Qonunga asosan ish stajiga ega boʻlmagan fuqarolar va ularning oilalari davlat pensiyalari olish huquqiga ega emaslar, ularning ijtimoiy taʼminlanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2011 yil 7 aprelda tasdiqlangan “Pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Demak, yanada aniqroq tushunishimiz uchun ish stajiga ega boʻlgan fuqarolarga pensiyalarni tayinlash hamda ish stajiga ega boʻlmagan qariyalarga, nogironlarga va boquvchisini yoʻqotganlarga ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tizimlarini shartli ravishda ikkiga boʻlishimiz mumkin.

Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash tartibi

Mamlakatimizda amalda boʻlgan pensiya tizimi bu – “birdamlik” (“solidar”) pensiya taʼminoti tizimiga asoslangan tizim boʻlib, pensionerlarga pensiya toʻlovlari uchun mablagʻlar, asosan bugungi kundagi ish beruvchilar tomonidan Pensiya jamgʻarmasiga toʻlanayotgan ijtimoiy toʻlovlar hisobidan amalga oshirib boriladi.

Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash tartibi

Mamlakatimizda amalda boʻlgan pensiya tizimi bu - “solidar” pensiya taʼminoti tizimiga asoslangan tizim boʻlib, pensionerlarga pensiya toʻlovlari uchun mablagʻlar, asosan bugungi kundagi ish beruvchilar tomonidan Pensiya jamgʻarmasiga toʻlanayotgan ijtimoiy toʻlovlar hisobidan amalga oshirib boriladi.

Fuqarolar pensiya olish huquqi paydo boʻlganidan soʻng istalgan paytda pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etishlari mumkin.

Masalan, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga toʻlganda va ish staji kamida 25 yil boʻlgan taqdirda hamda ayollar 55 yoshga toʻlganda va ish staji kamida 20 yil boʻlgan taqdirda ega boʻladilar.

Pensiya yoshiga yetib, zaruriy ish stajiga ega boʻlmagan taqdirda, lekin kamida 7 yillik ish staji mavjud boʻlsa, bor stajiga mutanosib ravishda toʻliqsiz miqdorda yoshga doir pensiya tayinlanadi. Toʻliqsiz yoshga doir pensiyaning miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan kam boʻlmasligi lozim.

Pensiyalarning miqdori fuqarolarning bevosita ish staji va ish haqiga, yaʼni toʻlangan ijtimoiy toʻlovlarga proporsional bogʻliq ravishda hisoblab chiqiladi.

Fuqarolarga ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tartibi

Fuqarolarning konstitutsion huquqlarini kafolatlash doirasida davlat pensiyasini tayinlash uchun ish stajiga ega boʻlmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.

Ijtimoiy nafaqalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlarini oshirish toʻgʻrisidagi Farmonlariga muvofiq qatʼiy miqdorlarda belgilanadi.

Misol uchun, yoshga doir nafaqalar erkaklarga - 65 yoshga yetganlarida va ayollarga - 60 yoshga yetganlarida hamda ish stajlari 7 yildan kam boʻlganda tayinlanadi. Yoshga doir ijtimoiy nafaqaning miqdori (2019 yil 1 yanvar holatiga) – 243 300 soʻmni tashkil etadi.

2019 yilda biror bir turdagi pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tartibi bekor boʻlmagan hamda barcha toʻlovlar oʻrnatilgan tartibda har oyning 27-sanasiga qadar toʻliq amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер