Pensiyalarning eng kam miqdori belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlmasligi koʻzda tutilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida inson omilini kamaytirish, keksa yoshdagi shaxslarga davlat xizmati koʻrsatilishi sifatini yanada oshirishga qaratilgan qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilindi.
Qonun loyihasi bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan normalarni hayotga tadbiq etish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish belgilanmoqda.
Yaʼni, pensiyalarning eng kam miqdori belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlmasligi koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, fuqarolarga Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiya tayinlash uchun murojaat qilish huquqini yaratish belgilanmoqda. Mazkur imkoniyatlar bilan yiliga 300 ming nafar fuqaroga uyidan chiqmagan holda, onlayn yoki oʻziga qulay boʻlgan Davlat xizmatlari markazlari orqali pensiya tayinlanishi uchun murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilishini aholining elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, shuningdek, axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali pensiya tayinlangan keksa va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga oʻzlarining jamgʻarib boriladigan pensiya hisob varaqlarida yigʻilgan mablagʻlarini olishlari boʻyicha qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Loyihani yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha asosli takliflar ilgari surildi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring