Pedagogikaga qilingan xiyonat — mamlakat kelajagiga qilingan xiyonatdir
Bugungi kunda oʻqituvchining oʻzi mukammal bilimli, yetuk pedagog boʻlsa, u tarbiyalayotgan oʻquvchilar ham bugungi kun talablariga javob beradigan kadr boʻlib shakllanishi kundek ravshan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda majburiy mehnatga butunlay barham berish, ayniqsa, pedagoglarni xizmat vazifasidan boshqa ishlarga jalb qilishning oldini olish, jamiyatda oʻqituvchilar nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani sababi ham shunda.
Ammo pedagoglarni ularning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari hamon davom etayotgani koʻngilni xira qiladi. Xususan, ulardan turli hisobot va axborotlar talab qilinayotgani oʻquvchilarga sifatli taʼlim berish ishlariga salbiy taʼsir koʻrsatmasdan qolmayapti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bu haqda maʼlum qilindi.
Yigʻilishda koʻrib chiqilgan dastlabki hujjat — “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan oʻqituvchilarning ish samaradorligini oshirish va lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifalarga jalb etish jarayonlariga barham berish orqali pedagoglarning jamiyatda nufuzini mustahkamlash maqsadida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Jinoyat kodekslarida pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovoldi dasturida oʻqituvchi va ustozlar maqomini oshirish, ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ular uchun qulay, ortiqcha qogʻozbozlik va rasmiyatchilikdan xoli mehnat sharoitlarini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
— Yangi Oʻzbekiston islohotlarining eng katta muvaffaqiyatlaridan biri shubhasiz, pedagoglarni paxta dalasiga jalb qilishni butunlay cheklangani boʻldi, — dedi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov. — Lekin majburiy mehnatning ayrim koʻrinishlari hamon saqlanib turibdi. Shu bois, ushbu qonun loyihasi bilan jazo choralari yanada kuchaytirilmoqda va partiyamiz bunday qonun loyihalarini soʻzsiz qoʻllab-quvvatlaydi. Zotan, pedagogikaga qilingan xiyonat — mamlakat kelajagiga qilingan xiyonatdir.
Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, uni yanada takomillashtirish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Qizgʻin muhokamalardan soʻng, qonun loyihasi maʼqullandi.
Yigʻilishda “Bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlashga va ular faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qilishini eʼtiborga olib, uni qoʻllab-quvvatladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring