Pastdargʻomda maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqandda ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp. Ulardan toʻgʻri va samarali foydalanish sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm hamda xizmat koʻrsatish sohalarini jadal rivojlanishiga imkoniyat yaratadi. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash, shu orqali aholi bandligini taʼminlash, yangi daromad manbalarini yaratish maqsadida shu yilning 29-noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi.
Xususan, 2025-yilda umumiy qiymati 8,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar doirasida 3,6 milliard dollar investitsiya oʻzlashtirish, 320 ming aholi bandligini taʼminlash va 850 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksportini amalga oshirish, viloyatga 5 million mahalliy hamda 2,5 million xorijlik turist jalb qilinishi belgilangan.
— Pastdargʻom tumanidagi “Chimboyobod” massivida tuman hokimligi zaxirasidagi, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan 234,3 gektar yer maydonida “Pastdargʻom” maxsus sanoat zonasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbari Jamshid Haydarov. — Maxsus sanoat zonasining faoliyat koʻrsatish muddati 30-yilga uzaytiriladi.
“Pastdargʻom” maxsus sanoat zonasi joylashayotgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasiga ajratib beriladi. Shartnoma asosida maxsus sanoat zonasini boshqarish maqsadida xorijiy va mahalliy investorlar muassisligidagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlar shaklida bir yoki bir necha boshqaruv kompaniyalari tashkil etiladi.
Maxsus sanoat zonasida farmatsevtika, elektrotexnika, toʻqimachilik, charm-poyabzal, kimyo sanoati, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash kabi yoʻnalishlarda zamonaviy, energiya tejovchi va yuqori texnologiyali loyihalar amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, bosh rejaga asosan maxsus sanoat zonasi hududida tayyor ishlab chiqarish bino-inshootlarini qurish va ijaraga berish uchun alohida lotlar belgilanadi. Elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi. Qarorning yana bir ahamiyatli tomoni, 2025-yil 1-yanvardan boshlab, erkin iqtisodiy, yoshlar va sanoat zonalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun auksion orqali yer ijaraga olinganda ijara toʻlovlari loyiha ishga tushgunga qadar biroq 2-yildan koʻp boʻlmagan muddatga toʻlashni kechiktirish tartibi joriy qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring