Parranda grippi yangi pandemiyani keltirib chiqarishi mumkin — JSST
Foto: Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning ogoh etishicha, mamlakatlar yangi pandemiya ehtimoliga tayyorgarlik koʻrishlari zarur.
Chunki soʻnggi haftalarda norka, tulki, dengiz mushugi kabi bir qator sut emizuvchilar turkumiga mansub yovvoyi hayvonlarda parranda grippi (H5N1) virusi aniqlandi.
Vaholanki, 1996-yildan buyon bu xastalik yovvoyi qush va mahalliy parrandalar orasida avj olayotgan edi. Endi esa u sut emizuvchilar turkumiga mansub jonivorlarga yuqayotgani xavotirlarga sabab boʻlmoqda.
Toʻgʻri, ushbu xastalik kamdan kam holatlarda odamlar oʻrtasida tarqalishi qayd etilgan.
“Ammo bu holat kelajakda ham faqat shunday davom etishini taxmin qilolmaymiz, — deydi T. Gebreyesus. — Shunday ekan, har qanday oʻzgarishlarga tayyor boʻlishimiz kerak. Odamlar esa infeksiyadan zararlangan va kasallikdan oʻlgan hayvonlarga yaqinlashmasliklari zarur.”
JSST rahbarining taʼkidlashicha, COVID-19 pandemiyasi barchamiz uchun saboq boʻlishi kerak. Toʻgʻri, hozir koronavirus bilan kurashish tajribasiga egamiz. Ammo qurbonlar koʻp boʻldi va hozir ham kasallik minglab bemorlar oʻlimiga olib kelmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring