“Parlez-vous francais?”

12:02 10 Oktyabr 2018 Jamiyat
4803 0

Bu ibora oʻzbek tiliga oʻgirilganda “Siz fransuzcha gaplashasizmi?” degan maʼnoni anglatadi. Aytish mumkinki, u oʻzaro muloqotga kirishishda kalit soʻzi hisoblanadi.

BMT ish yuritadigan tillardan biri — fransuz tili bugungi kunda 29 ta mamlakat uchun rasmiy til hisoblansa, 54 ta davlatda aholi ikkinchi til sifatida uni yaxshi biladi.

Oʻzbekistonda ham Fransiya sanʼati va madaniyatiga, tili hamda adabiyotiga qiziqish kuchli. Ayniqsa, soʻnggi yillarda respublikamizda fransuz tilini oʻqitishga boʻlgan eʼtibor sezilarli darajada kuchaydi. Bugungi kunda 17 ta oliy taʼlim muassasasida fransuz tili mutaxassislari, pedagoglar tayyorlanadi va til oʻrgatiladi. Joriy oʻquv yilidan boshlab, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Buxoro va Samarqand davlat universitetlarida lingvistika (fransuz tili) mutaxassisligi boʻyicha qabul yoʻlga qoʻyildi. Filologiya va tillarni oʻqitish (fransuz tili) bakalavriat yoʻnalishida qabul kvotasi 3 baravar oshirildi.

Bundan tashqari, fransuz tilini ikkinchi chet tili sifatida oʻrganish, oʻrta maktablarda fransuz tili fani oʻqitilishi, fransuz tilidan zamonaviy darslik va oʻquv qoʻllanmalar yaratilishi jonlandi. Ayni paytda yurtimizdagi 1 ming 260 ta maktab, kollej va litseyda, shuningdek, 8 ta oliy taʼlim muassasasida 280 mingdan ziyod yoshlar fransuz tilidan saboq olmoqda.

Mamlakatimizning qator oliy taʼlim muassasalari bilan Fransiyaning “Parij-Syud”, “Parij I Panteon-Sorbonna”, “Parij IV”, Grenobl, Nissa, Sofiya Antipolis, Tuluza, “Bretan-syud” kabi universitetlari, Sharq tillari va sivilizatsiyalari Milliy instituti, Tuluza shahridagi siyosiy tadqiqotlar instituti hamda Versal shahridagi Oliy arxitektura maktabi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv va protokollar imzolangan. Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti negizida Parij xalqaro moda akademiyasi filialini tashkil qilish masalalari boʻyicha muzokaralar olib borilyapti.

2015 yildan buyon yurtimizda faoliyat yuritayotgan “Toshkent Fransuz Alyansi” tashkiloti qiziquvchilarga fransuz tilini oʻrgatish, jamoatchilikka fransuz madaniyatini tanishtirishga hissa qoʻshib kelmoqda.

Markaz oʻzbekistonlik yoshlarning Fransiya taʼlim muassasalarida tahsil olishiga ham amaliy koʻmaklashmoqda. Xususan, fransiyalik mutaxassislar tomonidan tashkil etiladigan imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtganlarga DELF — Fransuz tili oʻquv diplomi va DALF — Fransuz tili chuqurlashtirilgan diplomi beriladi hamda ular vositasida yoshlar Yevropa davlatining nufuzli taʼlim dargohlarida oʻqishni boshlashi mumkin.

— Markazda 8 mingdan ortiq adabiyotlarga ega axborot markazi mavjud, — deydi uning rahbari Dilshod Ahmedov. — Shuningdek, turli konferensiyalar, kollokvium, treninglar, malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Fransuz tili va madaniyatiga qiziquvchilar uchun haftaning har chorshanba kuni “Kino-klub”, har payshanba “Soʻzlashuv klubi”, har shanba “Musiqa klubi” oʻtkaziladi. Fransiyadan tashrif buyurgan turli soha vakillari bilan samimiy uchrashuvlar uyushtiriladi.
Dilshod KARIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер