Parlament vakillari talabalar bilan uchrashdi

12:05 18 Fevral 2023 Jamiyat
807 0

Buxoro davlat universitetida OʻzLiDeP Buxoro viloyat Kengashi masʼul xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari, universitet professor-oʻqituvchilari va talaba-yoshlari ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi Aktam Haitov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonova qatnashdilar.

Tadbirni Buxoro davlat universiteti rektori, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Obidjon Hamidov kirish soʻzi bilan ochdi.

Davra suhbatida soʻzga chiqqan A.Haitov kuni kecha Prezidentimiz raisligida yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bitiruvchilarni kasb-hunarga oʻrgatish va ish bilan taʼminlashga qaratilgan “Hayot maktabi” dasturini amalga oshirish tashabbusi ilgari surilganligi, ushbu muhim masala barcha yerda boʻlganidek Buxoroda ham asosiy eʼtiborda boʻlishi, bu esa oʻz navbatida, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarinig ham hayotida muhim ahamiyat kasb etishini, shu tariqa 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasidagi yoshlarga oid ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlashga sezilarli taʼsir koʻrsatishini taʼkidladi.

Shuningdek, davra suhbati ishtirokchilariga OʻzLiDeP faoliyati, uning dasturiy maqsad va vazifalari, mamlakatimiz siyosiy maydonida tutgan oʻrni, qonun ijodkorligini taʼminlashdagi hissasi haqida ham batafsil maʼlumotlar berdi.

Tadbirda soʻz olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonova mamlakatimizda keyingi yillarida navqiron avlod vakillariga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, yoshlarga oid davlat siyosati doirasida ular faoliyati bilan bogʻliq Prezident Farmon va qarorlarining qabul qilinishi va ularning amaldagi ijrosi boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Eʼtiborlisi, bir qator muhim hujjatlarning qabul qilinishida yoshlarning ham oʻz taklif va fikrlari eʼtiborsiz qoldirilayotganligi yoʻq.

Maʼlumki, shu kunlarda Prezidentimizning “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi muhokamalari qizgʻin davom etmoqda. E.Aslonova shu haqida soʻz yuritar ekan, Davlat dasturi loyihasini takomillashtirishga talaba-yoshlar ham nazariy va amaliy takliflari bilan bu muhim hujjatning qabul qilinishiga oʻz hissalarini qoʻshishlari zarurligini qayd etdi.

Davra suhbati davomida universitet prefossor-oʻqituvchilari hamda talaba yoshlarining bir qator taklif va fikr-mulohazalari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga tashkilotchilar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер