Pandemiyaga qaramay, YEXHTga aʼzo barcha davlatlar orasida faqat Oʻzbekistonda 2020-yilda YAIM hajmi oʻsishi kutilmoqda — J. MakGregor

13:00 28 Avgust 2020 Siyosat
1210 0

1992-yil 26-fevraldan boshlab Oʻzbekiston Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) teng huquqli aʼzosiga aylandi. Tashkilot va uning institutlari bilan hamkorlik turli darajalarda amalga oshirilib, koʻplab masalalar va yoʻnalishlarni qamrab olishi bilan ahamiyatli. Oʻzbekiston tashabbusi bilan 1995-yilda Toshkentda YEXHTning Markaziy Osiyo bilan aloqalar boʻyicha byurosi ochildi. 2006-yil iyun oyida esa byuro YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi idorasiga aylantirildi.

Mamlakatimiz Davlat mustaqilligining 29 yilligini nishonlash arafasida “Dunyo” AA muxbiri YEXHT Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor bilan oʻzaro hamkorlik yutuqlari va istiqbollari haqida suhbatlashdi.

–MakGregor janoblari, suhbatimiz Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligini nishonlash arafasida boʻlib oʻtmoqda. Bu oʻzaro hamkorlikdagi faoliyat sarhisobi uchun ham qulay fursatdir. Aytingchi, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan YEXHT oʻrtasida hamkorlikning qaysi sohalarida muhim natijalarga erishilmoqda?

– Soʻnggi bir necha yilda YEXHT bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar, xususan, 2019-yilda Toshkent va Samarqandga amalga oshirilgan yuqori darajadagi tashriflar samarasida tarixiy jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. YEXHT amaldagi raisi boshchilik qilgan delegatsiya tarkibiga Bosh kotib va tashkilotga aʼzo davlatlarning 20 nafar elchisi kirganini alohida qayd etishni istardim.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston hukumatining yuqori martabali vakillari mamlakatni YEXHT organlarida, shu jumladan Parlament Assambleyasi, Vazirlar Kengashi va Doimiy Kengashda mamlakatni munosib taqdim etishmoqda. Shunisi eʼtiborga loyiqki, Sherzod Asadov Venada Oʻzbekistonning YEXHTdagi elchisi va doimiy vakili sifatidagi xizmatining soʻnggi yilida YEXHTning iqtisodiy va ekologik qoʻmitasi raisidek obroʻli lavozimga tayinlangan edi.

Oʻzaro munosabatlardagi ijobiy jihatlar Oʻzbekistonning YEXHT bilan davlat va jamoat boshqaruvining koʻplab sohalarida, shu jumladan adliya tizimidagi islohotlar, korrupsiya va transmilliy tahdidlarga qarshi kurash, giyohvand moddalar savdosi, odam savdosi, yangi saylov kodeksini ishlab chiqish, boshqa koʻplab sohalarda samarali hamkorlik va qoʻshma ishlarni yoʻlga qoʻyishda qulay platformaga aylandi.

– Bugun Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ular YEXHTning umumiy ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilangan maqsadlar va tamoyillarga mos keladi. Bundan tashqari, YEXHT Oʻzbekistonning xavfsizlik siyosatini amalga oshirishda, qonun ustuvorligini, ommaviy axborot vositalarining erkinligini taʼminlashda va boshqa sohalarda ishtirok etmoqda. Ushbu sohalarda respublikaning saʼy-harakatlari va yutuqlarini qanday baholaysiz?

– Baʼzan ortga nazar solib, erishilgan yutuqlarni tarixiy nuqtayi nazardan baholash men uchun yoqimli. Soʻnggi yillarda respublika hayotining barcha jabhalarida qator yutuqlarga erishildi. Bu, shubhasiz, ijobiy siljishni namoyish etadigan iqtisodiyot koʻrsatkichlaridir. Jahon bankining soʻnggi prognozlariga koʻra, pandemiyaga qaramay, YEXHTga aʼzo barcha davlatlar orasida faqat Oʻzbekistonda 2020-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi oʻsishi kutilmoqda. Ushbu koʻrsatkich barqaror iqtisodiy rivojlanishga yordam beradigan barcha omillar boʻyicha erishilgan yutuqlarning ajoyib namunasidir.

Xorijiy investorlar kapital qoʻyilmalar rejasini ishlab chiqishda va toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoya kiritishda koʻp jihatlarga, xususan, qonun ustuvorligi, adolat tizimi va soʻz erkinligiga eʼtibor qaratadi. Ushbu sohalarda Oʻzbekiston katta yutuqlarga erishdi. Iqtisodiyotda, davlat boshqaruvida va umuman jamiyatda xotin-qizlar va yoshlar roli ortib bormoqda. Masalan, yaqinda Oliy Majlisga saylangan xotin-qizlar soni 36 foizni tashkil etdi, bu dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ancha yuqori. Yoshlar esa 6 foizni tashkil etdi, bu oʻrtacha global koʻrsatkichdan uch baravarga koʻpdir.

Yaqinda Inson huquqlari boʻyicha Samarqand onlayn forum boʻlib oʻtdi. Uning ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini qabul qilish boʻyicha tashabbusini qoʻllab-quvvatladi. Bu Oʻzbekistonning global yetakchiligining oʻsib borayotganiga yana bir misol. “Virtual qabulxona” mexanizmi orqali onlayn murojaat va arizalar topshirish imkoniyati, shuningdek, Xalq qabulxonalari faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekiston tashabbuslarini butun dunyoda eng yaxshi amaliyot namunasi sifatida namoyish etmoqda.

Albatta, Harakatlar strategiyasida YEXHT majburiyatlariga muvofiq qoʻshimcha eʼtibor va islohotlarni davom ettirishni talab qiladigan koʻplab sohalar mavjud. Ammo tarixiy sharoitda oʻtgan toʻrt yil davomida erishilgan yutuqlar YEXHTga aʼzo davlatlar orasidagi noyob natijadir. Tuzilmaning Oʻzbekistondagi loyihalari xodimlari ushbu dasturiy hujjatda keltirilgan islohotlarni rivojlantirishda oʻz hissalarini qoʻshish imkoni yaratilganidan mamnun.

– MakGregor janoblari, siz bir necha yildan buyon Oʻzbekistonda mehnat faoliyatini olib bormoqdasiz. Ushbu vaqt davomida mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida boʻldingiz, odamlar bilan oʻzbek tilida muloqotlar olib borib, urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishdingiz. Shu oʻrinda Oʻzbekiston, yangi Oʻzbekiston haqidagi fikrlaringiz biz uchun qiziqarli?

– Oʻzbekistonda yashash va sayohat qilish men uchun katta sharaf. YEXHTning Oʻzbekistondagi vakili sifatida ishimni iloji boricha samarali bajarish uchun mamlakatingizda YEXHTning yuqori darajadagi vakili sifatida odamlar bilan yaqin muloqot qilish, tarix, madaniyat, urf-odatlar, oshxona va tilni yaxshi bilishim zarurligini anglayman. Shaxsan men uchun bu yerda faoliyat yuritish va yashash qulay va yoqimli boʻlmoqda. Mening mamlakat haqidagi toʻlaqonli fikrim, umumiy gʻoyam va tushuncham bu yerda oʻz yurtimdagidek qulay yashashga imkon bermoqda.

Sayohatlarim va muloqotlarim davomida men oʻzim uchun oila va yaxshi qoʻshnichilikni oʻzi uchun qadriyat bilgan mehmondoʻst Oʻzbekiston xalqini kashf etdim. Odamlarning ulkan intellektual salohiyati mamlakatning boy ilmiy va maʼnaviy merosi bilan bevosita bogʻliq. Bu zamin tarixini chuqur oʻrganganim sari Galileydan koʻra ilmiy izlanishlari ustunlikka ega hukmdor, olim va astronom buyuk Ulugʻbekka boʻlgan hurmatim shuncha ortib bordi. Ushbu qudratli ilmiy asos Oʻzbekistonga zamonamizning turli sohalarida jahonda yetakchilikni namoyish etish uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qilmoqda.

– Mustaqillik kuni munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga bayram tabriklaringiz.

– Shu kunlarda Oʻzbekiston xalqi bilan birgalikda muhim sana – mamlakat Mustaqilligining 29 yilligini nishonlash baxtiga muyassar boʻlmoqdaman.

Barchangizga tinchlik, farovonlik va sogʻlik ilinib, farzandlarimiz, nabiralarimiz – yosh barkamol avlodga umid toʻla porloq kelajak qoldirishimizga tilakdoshman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер