Pandemiya sabab Tailandda mulk soligʻi 90 foizga kamaytirildi
фото: realty.mail.ru
Tailand Vazirlar Mahkamasi koronavirus pandemiyasidan zarar koʻrgan iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash chorasi sifatida mamlakatda koʻchmas mulk soligʻini 2020-yilning oxirigacha 90 foizga kamaytirishga qaror qildi.
Bu haqda hukumat saytida eʼlon qilingan press-relizda maʼlum qilindi .
“Seshanba kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda Vazirlar Mahkamasi 2019-yilda joriy qilingan koʻchmas mulk (yer va imoratlarga) soligʻini 2020-yilning oxirigicha 90 foizga kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, fevraldan may oyigacha boʻlgan muddat ichida qoldirilgan daromad soligʻi boʻyicha ariza berish muddatini yana ikki oyga, yaʼni 2020-yilning avgustigacha choʻzdi”, deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, hukumat pandemiyadan aziyat chekkan jismoniy va yuridik shaxslarga hamda iqtisodiyotni yaxshilashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, oʻtgan hafta parlamentning quyi palatasi iqtisodiyotni yaxshilash uchun favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi uchta qonun loyihasini maʼqulladi va ushbu maqsadlarga jami 58 milliard dollar ajratdi.
Hukumat tomonidan maʼqullangan birinchi qonun loyihasida yuridik va jismoniy shaxslarga yordam berish hamda iqtisodiyotni ragʻbatlantirish maqsadida 34,9 milliard dollardan ortiq miqdordagi qarz mablagʻlarini jalb qilish, ikkinchi qonun loyihasida kichik va oʻrta biznesga past foizli kreditlar berish uchun 15,8 milliard dollardan ortiq byudjet mablagʻlarini ajratish, uchinchi qonun loyihasida esa mamlakat moliyaviy tizimini barqarorlashtirish-u, Tailandning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash uchun byudjet mablagʻlari ajratish belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring