Pandemiya davrida maktablarga qoʻyiladigan sanitariya talablari belgilandi
“Oʻzbekiston Respublikasida COVID-19 pandemiyasi davrida umumiy oʻrta taʼlim maktablari va oʻrta maxsus maktab internatlarining faoliyatini tashkillashtirish boʻyicha vaqtinchalik sanitariya-epidemiologik talablar” Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi va hisobga olindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Mazkur hujjat COVID-19 pandemiyasi davrida mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, barcha umumtaʼlim maktablari va maxsus maktab internatlarning xavfsiz ish muhitini taʼminlashga qaratilgan ish faoliyatiga tatbiq etiladi.
Hujjatda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
— mashgʻulotlarni soat 8:00 dan soʻng boshlash va 17.30 dan kechiktirmasdan tugatish tavsiya etiladi, mashgʻulotlar uch smenada tashkillashtirilishi mumkin;
— pandemiya davrida ommaviy tadbirlar (yigʻilishlar, konsertlar, tugʻilgan kunlar va shu kabilar) oʻtkazish vaqtincha toʻxtatiladi;
— barcha bolalar va ularning qonuniy vakillari niqoblarda kelishlari shart;
— maktabga kirishdan avval, maktabning tibbiy xodimlari/masʼul xodimlari tomonidan “ertalabki filtrlash” boʻyicha maxsus punkt tashkil etilib, tegishi jurnal yuritiladi;
— “ertalabki filtrlash” jarayonidan soʻng, oʻquvchilar kirish joylarida oʻrnatilgan maxsus dispanserdan antiseptik vosita yordamida qoʻllarini zararsizlantiradilar;
— niqob/respiratorsiz maktabga kirishiga ruxsat berilmaydi. Bunda, niqob kamida har 3 soatda, respiratorlar kamida xar 8 soatda oʻzgartirilishi lozim;
— sinflarda har bir oʻquvchiga 2 m² dan kam boʻlmagan maydon boʻlishi talab etiladi;
— pandemiya paytida maktab oshxonalari oʻz ishini amaldagi sanitariya meʼyorlari va qoidalari talablariga rioya qilingan holda tashkil etadi;
— yuqumli kasalliklar belgilari boʻlgan oʻquvchilar/maktab xodimlari ushbu belgilar aniqlangan vaqtdan boshlab tez yordam guruhi yoki ota-onalar (qonuniy vakil) kelguniga qadar zudlik bilan izolyatsiya qilinishlari shart.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq pandemiya davrida bogʻchalarga qoʻyiladigan sanitariya talablari Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilib, hisobga olingan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring