Paysalga solishdan maqsad nima?

12:59 11 Avgust 2020 Jamiyat
781 0

Mana, necha oyki, pandemiya “hukmron” va bu qachongacha davom etishi hali nomaʼlum. Faqat shunisi aniqki, aynan mana shu davr zamonaviy axborot texnologiyalari rivoji qanchalik muhim ekanini yana bir karra isbotlamoqda.

Masalan, elektron hujjat almashish tizimi- elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) qulaylik, tezkorlik va xavfsizlik bobida zamon talabi va hozirgi vaziyat taqozosi uchun ham har tomonlama toʻgʻri yechim boʻlib qolmoqda.

Joriy yil 10-avgust holatiga EHF axborot tizimidan foydalanuvchi 276 mingdan ortiq xoʻjalik yurituvchi tomonidan rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) umumiy soni 11,6 mln.dan oshdi.

Ushbu tizimda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan korxonalar ham faol: mazkur toifadagi 106 506 ta korxonadan 96 850 tasi yoki 91 foizi oʻz faoliyatida hisobvaraq-fakturalarning elektron shaklini samarali qoʻllamoqda. 10,7 mln.dan ortiq rasmiylashtirilgan EHF aynan ularning hissasiga toʻgʻri keladi.

Tizim foydalanuvchilariga xizmat koʻrsatuvchi operatorlar soni ham tobora oʻsib bormoqda. Yil boshida ular 2 ta edi, ayni paytda bu raqam yana 18 taga ortdi. Yana 13 ta korxona operator maqomiga ega boʻlish istagini bildirgan. Hozir ular bilan rouming operatori oʻrtasida tizimlararo integratsiya jarayoni davom etmoqda.

EHF operatorlari soni ortishining afzalligi koʻp:

Avvalo, tadbirkorlik subyektlari uchun tanlov imkoniyati kengayadi. Operatorlar oʻrtasida sogʻlom raqobat kuchayadi. Bu xizmatlar sifati oshishining asosiy kafolatidir. Yana bir muhim jihat operatorlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmat haqi arzonlashishi bilan bogʻliq.

Xullas, EHF tizimida bugun shu kabi yuqori imkoniyat, qulayliklar bor va ertaga ular yana-da koʻpayadi, kengayadi. Ammo...Haligacha oʻz faoliyatida hisobvaraq-fakturalarning qogʻoz shaklini qoʻllayotganlar ham yoʻq emas.

Vaholanki, qonunchilikda bu yil avvalidan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) tizimi majburiy tartibda tatbiq etilishi belgilangan.

EHF tizimi tadbirkorni ortiqcha qogʻoz ishlaridan xalos qiladi, vaqt hamda boshqa xarajatlarini tejashga xizmat qiladi. Buxgalteriya hisoblashidagi xatoliklarning oldini oladi va hisobotlarning yuborilishini avtomatlashtiradi. Barcha tovarlar (ishlar,xizmatlar) realizatsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar 5 yildan 10 yilgacha elektron hujjat tarzida saqlanadi. Shuncha afzallik va imkoniyatlardan muhimi bormi?! Nega ulardan samarali foydalanmaslik kerak?!

Masalaning boshqa tomonga eʼtibor qaratsak: EHF tizimi bilan noinsof soliq toʻlovchilarni aniqlash oson. Chunki u davlat soliq xizmati organlariga real vaqt rejimida qanday mahsulot xarid qilingani yoki sotilganini koʻrish imkonini beradi. QQS boʻyicha xatoliklarni aniqlash jarayonini avtomatlashtiradi va qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olishda asossiz yondashuvlarni oldini olishga sharoit yaratadi. Bir soʻz bilan aytganda, mazkur tizim yashirin iqtisodiyotga qarshi va unga yoʻl qoʻymaslikni koʻzlaydi.

EHF tizimiga oʻtishni paysalga solayotganlarga sabab shudir ehtimol. Nima boʻlganda ham bu “uddaburonlik” fosh boʻlmay, javobini olmay qolmaydi.

Abdukarim ESHBOYEV,
“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер