Oʻzini “Milliy gvardiya xodimi” deya tanishtirgan ayol qoʻlga olindi
Foto: Миллий гвардия
Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida bir qator ishlar amalga oshirilayotgan boʻlsa-da, firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlar koʻp uchramoqda, deb yozadi Milliy gvardiya matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, joriy yilda fuqarolar tomonidan Milliy gvardiyaga kelib tushgan murojaatlarning birida G. oʻzini “mayor” unvonidagi “Milliy gvardiya xodimi” deb tanishtirib, ishga kiritib qoʻyish uchun va shu kabi boshqa masalalarda fuqarolarning ishonchiga kirib, 15 800 000 soʻm va 300 AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlarini undirayotganligi maʼlum qilingan.
Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Milliy gvardiya masʼul xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida G. qoʻlga olinib, Toshkent shahar IIBBga topshirilgan.
Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu ayol 1966-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan, muqaddam 3 marotaba sudlangan, bugungi kunda Toshkent shahri, Sirgʻali tumanida roʻyxatsiz yashab kelayotgan fuqaro G.S. ekanligi maʼlum boʻlgan.
Bugungi kunda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro G.S.ga nisbatan JKning 168-moddasi (“Firibgarlik”) va 211-moddasi (“Pora berish”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring