Oʻzgarishlar rozilik va shukronalik hissini oshirmoqda

18:46 13 Oktyabr 2022 Jamiyat
1041 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida joriy yilda “Obod qishloq” dasturi uchun “Xonaqa” hamda “Nayman boʻston” mahallalari tanlab olingan boʻlib, ushbu hududlarda keng qamrovli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish uchun respublika va mahalliy byudjet, tarmoq korxonalari mablagʻlari hisobidan 18 milliard 821 million soʻm mablagʻ jalb etilishi rejalashtirilgan.

Ayni kunlarda tumandagi “Nayman boʻston” MFYda “Obod qishloq” dasturiga koʻra, ichki yoʻllarning 8 kilometri asfaltlanib, 2 km qismiga sement-beton qoplamasi yotqizilmoqda. Bu yerliklarni yillar davomida qiynab kelgan ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun 2 ta quduq qazish, 2 ta suv minorasini oʻrnatish hamda 15,5 km masofaga quvurlar tortish ishlari peshma-pesh bajarilyapti. Elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish maqsadida 2 ta transformator oʻrnatilib, 2,8 km tarmoqlar yangilandi.

Dastur doirasida koʻchalarni obodonlashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilayotir. Hozirgacha 500 metr piyodalar yoʻlagi qurildi va 50 dona tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Bugungi kunda 65 dona koʻcha chiroqlarni oʻrnatish va 300 metr piyodalar yoʻlagini qurish yakuniga yetkazilyapti.

— Mahallamiz kundan-kunga chiroy ochib bormoqda, — deydi “Nayman boʻston” MFY raisi Komiljon Yoʻldoshev. — Tumanning eng olis hududlaridan sanalgan qishlogʻimizda boʻlayotgan oʻzgarishlardan kattayu kichik birdek mamnun. Hayotimizdagi bu oʻzgarishlar orzu-maqsadlarimizga koʻchyapti, odamlarimizda rozilik, shukronalik hissi ortyapti. Eng asosiysi ham shu aslida.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер